“Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
2026-yil boshida internetda qorli sahrolik bagʻrida yolgʻiz pingvin togʻlar tomon odimlayotgan qisqa video kutilmagan tarzda global memga aylandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu lavhani “Nigilist pingvin” deb atab, uni hayotdan charchash, yolgʻizlik, sukutdagi isyon va maʼno izlash kabi hissiyotlar ramzi sifatida qabul qilmoqda.
Sekin, ammo qatʼiy qadamlar bilan olgʻa yurayotgan pingvin koʻplab insonlarga oʻz holatini eslatdi: muammolardan jimgina uzoqlashayotgandek, hech kimga izoh bermasdan yoʻlda davom etayotgandek. Shu bois mazkur video hazilomuz izohlar bilan birga, chuqur va gʻamgin maʼnolar yuklangan mem sifatida keng tarqaldi.
“Nigilist pingvin” nima degani?
Bu ibora hayot maʼnosizdek tuyulayotgan, charchagan, hamma narsadan bezgan inson holatini ramziy ifoda qiladi. Internetda tarqalgan videoda pingvin koloniyasidan ajralib, hech qayerga olib bormaydigan tomonga, tinch, shoshilmasdan yurib ketayotgandek koʻrinadi.
Aynan shu harakat odamlarga “hammasidan bezdim”, “nima boʻlsa boʻlar”, “maʼno qolmadi”, degan kayfiyatni eslatgan boʻlsa ajab emas. Nigilizm — hayotdagi qadriyatlar, maʼno va maqsadlarni inkor etishga moyil qarash. Shu bois ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu pingvinni nigilist deb atay boshladi.
Video qachon va qayerda tasvirga olingan?
Aslida internetda mem boʻlgan video yangi emas. U 2007-yilda nemis rejissyori Verner Hersog suratga olgan “Encounters at the End of the World” nomli hujjatli filmdan olingan. Kadrlarda Adeli pingvini oʻz koloniyasidan ajralib, taxminan 70 kilometr ichkariga — okean yoʻq, faqat muz, qor va togʻlar tomon yurib ketmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, pingvinlar odatda dengizga yaqin hududlarda harakatlanadi. Ichkari tomon yakka holda yurish bu tur uchun noodatiy hisoblanadi. Verner Hersog ushbu holatni “oʻlim marshi” deb taʼriflagan va pingvinning tirik qolishi ehtimoli juda pastligini aytgan.
Nega aynan hozir memga aylandi?
2026-yilga kelib, video yana ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqala boshladi. TikTok, X, Instagram va boshqa platformalarda foydalanuvchilar pingvinga turli izohlar qoʻshib, uni hayotdan maʼno qidirayotgan, hamma narsadan voz kechgandek obrazda tasvirladi.
“U nimanidir biladi”, “muammolarimdan uzoqlashayotgan paytim”, “hammasi tugaganida” kabi yozuvlar memning asosiy uslubiga aylandi. Olimlar esa bu holatga hissiy yoki falsafiy maʼno yuklash notoʻgʻri ekanini, bu faqat yoʻldan adashish, stress, kasallik yoki instinktiv xato boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi.
Donald Tramp va “Nigilist pingvin”
Mem shu darajada ommalashdiki, unga AQSH prezidenti Donald Tramp ham qoʻshildi. Oq uy tomonidan sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan tasvir eʼlon qilindi: unda Tramp pingvin bilan birga muzli togʻlar tomon yurib bormoqda. Pingvin AQSH bayrogʻini ushlab turgan, togʻlarda esa Grenlandiya bayrogʻi aks etgan. Rasmga “Embrace The Penguin” (“Pingvinni qabul qil”) degan yozuv qoʻshilgan.

Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻldi. Foydalanuvchilar pingvinlar Arktikada yashamasligini, Grenlandiya bilan bogʻlash faktik xato ekanini taʼkidlab, postni “sharmandali” deb atashdi. “The Guardian” nashri jurnalisti Pippa Krearer ham “Arktikada pingvinlar boʻlmaydi”, deb munosabat bildirdi.
Mem va haqiqat
Olimlar uchun bu — kam uchraydigan biologik holat. Internet uchun esa — zamonaviy inson kayfiyatining tom maʼnodagi aksidir. “Nigilist pingvin” real maʼnoda falsafa qilmayapti, u shunchaki adashgan. Ammo odamlar unda mutlaq oʻz holati va ichki kechinmalarini koʻrmoqda. Yaʼni baʼzan togʻlar tomon yurayotgan pingvin — shunchaki pingvin. Baʼzan esa — bu ruhiyatdagi dahshatli va chidab boʻlmas ogʻriq.
Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring