“Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
Sunʼiy intellektga asoslangan qurilmalar, yordamchilar va chatbotlar kundalik hayotni tobora egallab borayotgan bir paytda, jamiyatda bu jarayonga nisbatan qarshi kayfiyat kuchaymoqda. Bu tendensiya “analog turmush tarzi” deb atalayapti va u qisqa muddatli raqamli tanaffus emas, balki hayot surʼatini sekinlashtirish, kundalik ishlar va hordiq chiqarishda qaytadan jismoniy, qoʻlbola usullarga murojaat qilishga qaratilgan harakat sifatida talqin etilmoqda.
CNN nashrining yozishicha, bu jarayonning qamrovini aniq oʻlchash qiyin, ammo ayrim “oflayn” mashgʻulotlarga qiziqish keskin ortgani kuzatilmoqda. Xususan, Shimoliy Amerikada 1 300 dan ortiq doʻkoniga ega boʻlgan “Michaelʼs” hunarmandchilik kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi olti oyda “analog xobbilar” boʻyicha qidiruvlar 136 foizga oshgan. 2025-yilda tayyor hunarmandchilik toʻplamlari savdosi 86 foizga oʻsgan, joriy yilda esa bu koʻrsatkich yana 30–40 foizga ortishi kutilmoqda.


Ayniqsa, toʻqishga moʻljallangan iplarga boʻlgan qiziqish keskin oshgan: 2025-yilda bu turdagi mahsulotlar qidiruvi 1 200 foizga oʻsgan. “Michaelʼs” kompaniyasining savdo boʻyicha rahbari Steysi Shivlining aytishicha, bu tendensiya sabab doʻkonlarda toʻqish materiallari uchun alohida joy ajratish rejalashtirilmoqda. Uning taʼkidlashicha, pandemiyadan keyin koʻplab odamlar hunarmandchilikni “doomscrolling” (ijtimoiy tarmoqlarda bekorga vaqt oʻtkazishdan qochish)dan qochish va ruhiy salomatlikni tiklash usuli sifatida qabul qilmoqda.

Mazkur tendensiya taʼsirida ayrim insonlar hayot tarzini tubdan oʻzgartirmoqda. Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida yashovchi 25 yoshli Shonessi Barker oʻzini “sunʼiy intellektni yoqtirmaydigan inson” deb taʼriflaydi. U haligacha radiopriyomnik, vinil plastinkalar, kassetalar, DVD va VHS lentalardan foydalanadi, uyida statsionar telefon oʻrnatgan va koʻchada smartfon oʻrnini “oddiy telefon” ilovasi bilan almashtirgan.
Barkerning aytishicha, internet tobora foyda olishga yoʻnaltirilgan makonga aylangan va oddiy hordiq uchun joy qolmagan. Shu bilan birga, u ham toʻliq oflayn hayot kechirish qiyinlashib borayotganini tan oladi: masalan, oʻzining vintaj doʻkoni yoki “qogʻoz xatlar klubi”ni targʻib qilish uchun baribir internetga murojaat qilishga toʻgʻri keladi.


Mutaxassislar taʼkidlashicha, “analog hayot” texnologiyadan butunlay voz kechishni anglatmaydi. Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Avriel Eppsning soʻzlariga koʻra, bu yondashuv internetdan axborot olishdan koʻra, internetning inson haqida maʼlumot toʻplashini cheklashga qaratilgan. Ayrimlar musiqani striming servislar orqali emas, iPod orqali tinglamoqda, boshqalar esa raqamli suratlar oʻrniga plyonka fotoapparatlarini tanlamoqda.



Bu tendensiyani shaxsan sinab koʻrgan jurnalist 48 soatga barcha qurilmalardan voz kechib, 1990-yillar uslubida yashashga harakat qilgan. Uning taʼkidlashicha, ilk kunlarda bu oson tuyulgan, ammo vaqt oʻtishi bilan hayotning raqamli boʻlmagan jihatlariga koʻproq eʼtibor qaratish imkoni paydo boʻlgan. Kutubxonada toʻqish toʻgaragida ishtirok etish, kitob oʻqish va qoʻl mehnati bilan shugʻullanish odamlarning ekransiz ham muloqot va xotirjamlik topa olishini koʻrsatgan.

Mutaxassislarning fikricha, raqamli hayotdan toʻliq qochib boʻlmaydi, ammo uni ongli ravishda cheklash muhim. Haddan tashqari ekranga bogʻliqlik ruhiy charchoqni kuchaytirishi mumkin, qoʻlbola mashgʻulotlar esa insonga yakunlangan ish hissini va xotirjamlikni qaytara oladi. Shu maʼnoda, “analog turmush tarzi” zamonaviy jamiyatda muvozanat izlashning yangi koʻrinishi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring