Kuchli qichishish va jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi
Buyuk Britaniyada qoʻtir kasalligi bilan kasallanish holatlari soʻnggi yillarda keskin oshmoqda va bu koʻplab oilalar hayotini izdan chiqaryapti. Ikki nafar farzandning onasi, 44 yoshli Luiza (ismi oʻzgartirilgan) ushbu kasallik sababli oilasi bilan uyini vaqtincha tark etishga majbur boʻlgan. Terining kuchli qichishishi va davolash jarayonidagi murakkab sanitar choralar uni ruhiy jihatdan ham ogʻir ahvolga solgan. Uning aytishicha, qoʻtir “jismoniy azobdan tashqari, insonni ruhan ham yemiradi”.
Britaniya Sogʻliqni saqlash xavfsizligi agentligi (UKHSA) maʼlumotlariga koʻra, 2021-yildan beri qotir kasalligi yildan-yilga oʻsib bormoqda, ayniqsa 2023–2024-yillarda keskin sakrash kuzatilgan. Jinsiy salomatlik klinikalarida qayd etilgan holatlar 2023-yilda 3 393 tani tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 4 872 taga yetgan, yaʼni 44 foizga oshgan. Pandemiyagacha esa mamlakat boʻylab yillik holatlar soni oʻrtacha 1 500 atrofida, barqaror boʻlgan.

Mutaxassislar qoʻtir kasalligi koʻlamining kengayishiga bir nechta omil taʼsir qilishini taʼkidlamoqda. Xususan, pandemiyadan keyin odamlarning yana yaqin muloqotga qaytishi, talab yuqori boʻlgan dorilar — permetrin va malation taʼminotidagi uzilishlar, shuningdek, davolashga kech murojaat qilish holatlari kasallikning “uy ichida aylanib yurishi”ga olib kelgan. Bundan tashqari, shifokorlar qoʻtirni baʼzan ekzema yoki dermatit bilan adashtirib qoʻyayotgani ham davolashni kechiktirayapti.

Qoʻtir asosan uzoq muddatli tegish orqali (teri-teriga) yuqadi, ammo keng tarqalgan joylarda, masalan, talabalar yotoqxonalari, xostellar va maktablarda ham tez yoyilishi mumkin. UKHSA hisobotida qayd etilishicha, 2024-yilda jinsiy salomatlik xizmatlariga murojaat qilgan bemorlarning 41 foizi 20-24 yoshlilar boʻlgan. Mutaxassislar yoshlar orasida uyat hissi sabab kasallikni yashirish va davolashni kechiktirish holatlari koʻpligini taʼkidlaydi.

Shifokorlar qoʻtir toʻgʻri va oʻz vaqtida davolansa samarali bartaraf etilishini aytishmoqda. Biroq butun oila aʼzolari va yaqin aloqada boʻlgan shaxslar bir vaqtning oʻzida davolanmasa, kasallik qaytalanishi mumkin. Mutaxassislar qoʻtirni “ifloslik bilan bogʻliq kasallik” deb hisoblash mutlaqo notoʻgʻri ekanini, u har qanday insonda uchrashi mumkinligini taʼkidlab, aholini uyatni chetga surib, shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilishga chaqirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring