Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi

10:25 26 May 2025 Siyosat
145 0

Italiya Respublikasi bosh vaziri Jorja Meloni joriy yilning 28–29-may kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrif amalga oshiradi. Bu haqda Italiya hukumati rasmiy sayti orqali maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, uchrashuvlar Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi. Tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinishi va qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Avvalroq Jorja Melonining 25–26-aprel kunlari Oʻzbekistonga kelishi rejalashtirilgan edi. Ammo Vatikan rahbari — Rim papasining vafoti munosabati bilan tashrif kechiktirilgan.

Dastlabki rejaga koʻra, bosh vazir 25–26-aprel kunlari Oʻzbekistonda, 26–27-aprel kunlari esa Qozogʻistonda boʻlib, ikki davlatga rasmiy tashrifdan tashqari Italiya–Markaziy Osiyo sammitida ham ishtirok etishi kerak edi.

Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. 2023-yil iyun oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrif bilan borib, Rimda prezident Serjo Mattarella va bosh vazir Jorja Meloni bilan uchrashuvlar oʻtkazgandi. Muzokaralar natijasida ikki davlat strategik sheriklar maqomini olgan.

Shuningdek, 2023-yil noyabr oyida Italiya prezidenti Serjo Mattarella Oʻzbekistonga javob tashrifi bilan kelgan. Ushbu uchrashuvlar ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishda muhim bosqich boʻlgan edi. Jorja Melonining Samarqanddagi tashrifi ham Oʻzbekiston–Italiya munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер