“Insonparvarlik yordami bilan sogʻligimni tikladim”

Farhod ESONOV“Xalq soʻzi”. Yangi Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish va kuchli ijtimoiy himoyaning mukammal tizimini yaratish ijtimoiy siyosatning asosiy yoʻnalishiga aylangan. Bu yoʻlda har bir insonning farovonligi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Bu jarayonda “Inson qadri uchun”, “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qiladi” kabi xalqchil tamoyillarga asoslangan islohotlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash kabi yangi tizimlar orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining muammolari manzilli oʻrganilib, ularni hal etish boʻyicha tezkor yechimlar topilmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining manzilli va samarali ijtimoiy himoyasi borasidagi ishlarni Qiziriq tumani Xalqobod mahallasi misolida ham koʻrish mumkin. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Salima Mirzayevaning uch nafar farzandi bor. Yolgʻiz ayolning hayotiga ogʻir dard soya soldi — bosh miya jarrohligiga muhtojlik uni chorasiz ahvolga qoldirdi. Moddiy imkoniyat yetishmasligi sababli, umidsizlik girdobida u taqdirga tan berishga majbur boʻldi. Lekin Prezidentimizning “Inson qadri hamma narsadan ustun” degan ezgu siyosati tufayli Salima Mirzayeva yana hayotga qaytdi!
— Uyma-uy xatlov oʻtkazish jarayonida fuqaro Salima Mirzayevaning oilaviy sharoiti oʻrganilganda, uning sogʻligida jiddiy muammo borligi aniqlandi, — deydi “Xalqobod” MFY ijtimoiy xodimi Nigora Jumayeva. — Salima opaning ahvoli chindan ham ogʻir edi. Shu sababli, u haqdagi maʼlumotlarni zudlik bilan jamlab, mutasaddilarga taqdim etdim. Xursandchiligim shundaki, qisqa vaqtda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari evaziga bemor jarrohlik amaliyotini oʻtkazib, yana oilasi bagʻriga salomat qaytdi. Bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.
“Mahallabay” ishlash tizimi tufayli har bir oilaning dardini eshitish, muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va ularga yechim topish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda mahallada 105 nafar nogironligi bor fuqaro, 70 ta kam taʼminlangan oila, 83 ta ijtimoiy reyestrda turadigan nafaqa oluvchi oila mavjud. Ularga oʻz vaqtida koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar natijasida aholining davlatga boʻlgan ishonchi kundan-kunga ortib bormoqda. Salomatligi tiklangan S.Mirzayeva ham unga koʻrsatilgan beminnat yordamdan minnatdor.
— Hayotdan umidimni uzgandim — deydi Salima Mirzayeva. — Kasalligim bois oilamda ham baraka yoʻqolgandi. Farzandlarimning taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanolmasdim. Endilikda bularning bari ortda qoldi. Insonparvarlik yordami orqali hayotga, farzandlarim bagʻriga qaytdim.
Salima Mirzayevaga koʻrsatilgan yordam shu bilan cheklanib qolmadi. Unga 1-guruh nogironligi rasmiylashtirildi, bolalar nafaqasi tayinlandi. Bundan tashqari, ikki nafar farzandining kelajagi uchun ham qaygʻurilib, ular bepul toʻgaraklarga jalb etildi. Bu xayrli ish nafaqat bir insonga yordam berish, balki butun oilaning hayotida yangi sahifa ochishga xizmat qildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring