Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyalarni amalga oshirish borasidagi Oʻzbekiston tajribasi Jenevada taqdim etildi

Shveysariyaning Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari kengashi 51/33-rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda, boshqalar qatori, Oʻzbekiston tajribasi ham namoyish etildi.
Tadbir inson huquqlarini amalga oshirish, hisobotlar taqdim etish va kelgusi faoliyatning milliy mexanizmlarini yaratish, faoliyat yuritish va mustahkamlash bilan bogʻliq tajriba hamda ilgʻor amaliyotlar almashishga bagʻishlandi.
Seminar munosabati bilan Millatlar saroyida BMTga aʼzo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari toʻplandi. Uchrashuvda asosan inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish va shartnomaviy organlarning tavsiyalarini joriy etish boʻyicha harakatlarni samarali muvofiqlashtirish strategiyalari, shuningdek, Universal davriy sharh muhokama qilindi.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari yutuqlaridan foydalanish, ayniqsa, ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash va bu jarayonda milliy masʼuliyat hamda hisobdorlikni taʼminlash va kuchaytirish uchun yordam koʻrsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qaror yuqori baholandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi Akmal Saidov oʻz nutqida inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish samaradorligi milliy muvofiqlashtirish mexanizmlarining sifati va institutsional yetukligiga bevosita bogʻliq ekanligini taʼkidladi.
Mamlakatimiz vakili Oʻzbekistonning milliy modelini taqdim etdi. Bunda, avvalo, Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish siyosatida asosiy element boʻlgan inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyoti haqida soʻz yuritildi. A.Saidov qayd etganidek, 2020-2025-yillarga moʻljallangan birinchi strategiya 2020-yilda tasdiqlangan boʻlib, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha saʼy-harakatlarni tizimlashtirishda muhim qadam boʻldi. Hozirgi vaqtda 2030-yilgacha moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasini tayyorlash ishlari yakunlandi.
Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyalarni amalga oshirish borasidagi Oʻzbekiston tajribasida, shuningdek:
– hisobot va keyingi faoliyat milliy mexanizmini joriy etish;
– xalqaro majburiyatlarning bajarilishini real vaqt rejimida monitoring qilishni taʼminlaydigan raqamli platforma – “Tavsiyalarni kuzatish boʻyicha milliy maʼlumotlar bazasi”dan foydalanish;
– inson huquqlarini himoya qilish siyosatida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki yoʻnalishlari alohida ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratildi.
Xalqaro seminar ishtirokchilari milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini yuqori baholadilar. Bu tajriba inson huquqlari infratuzilmasini tizimli ravishda mustahkamlashga intilayotgan boshqa davlatlar uchun muhim yoʻriqnoma boʻlib xizmat qilishi mumkinligi eʼtirof etildi.
Tadbir doirasida ekspert uchrashuvlari va yalpi sessiyalar ham oʻtkazildi. Ularda inson huquqlari mavzularini taʼlim dasturlariga singdirish yoʻllari, inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish, bu jarayonda akademik hamjamiyatlar va ilmiy muassasalarning rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar muloqotni davom ettirish, bilim almashish va milliy mexanizmlarning oʻzaro hamkorligi uchun platforma yaratish muhimligini taʼkidladilar. Mintaqaviy, shu jumladan Markaziy Osiyo doirasida forumlar oʻtkazish, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi koʻmagida ishlab chiqilayotgan virtual bilimlar markazi funksiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining seminardagi ishtiroki mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha global jarayonlarga faol qoʻshilishga, oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga va inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimini mustahkamlashga hissa qoʻshishga tayyorligining yorqin dalili boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring