Ilmiy-akademik hamkorlik yangi bosqichlarda

Mamlakatimiz rahbarining olib borayotgan tashqi siyosati, xorijiy davlatlar bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari mamlakatimiz xalq xoʻjaligining barcha jabhalari qatori taʼlim sohasi istiqboli uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda taʼlim va ilm-fan rivojini xalqaro hamkorliksiz tasavvur etib boʻlmaydi. Global bilimlar almashinuvi, xalqaro tajribalar oʻzlashtirilishi har bir oliy taʼlim muassasasining strategik yoʻnalishiga aylangan. Ayniqsa, chet tillar taʼlimi sohasida dunyoning yetakchi oliygohlari bilan oʻrnatiladigan akademik aloqalar professor-oʻqituvchilarimiz va talabalarimizning malakasini oshirish, oʻqitish metodikalarini innovatsion yondashuvlar bilan boyitish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini yaxshilashda muhim omil boʻlayotir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11-13-mart kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida tashkil etilgan “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston – Fransiya koʻprigi” mavzusida qoʻshma konferensiya ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi. Unda har ikkala mamlakatning 30 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Mazkur anjumanda Samarqand davlat chet tillar instituti delegatsiyasi Fransiyaning fransuz tilini oʻqitish innovatsion metodik Markazi (KOKORO Lingua) taʼsischisi va direktori Nataliye Lesselin xonim bilan taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha muzokara oʻtkazdi. Muzokaralarda nafaqat Samarqand davlat chet tillar institutida, shuningdek, Oʻzbekistondagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida fransuz tilini oʻqitishni rivojlantirishda innovatsion metodlarni joriy etish boʻyicha hamkorlik olib borishga kelishildi. Muzokaralar natijasida Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Fransiyaning fransuz tilini oʻqitish innovatsion metodik markazi oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Shuningdek, institutimiz delegatsiyasi Fransiyaning Pol Valeri nomidagi Monpelye universiteti faoliyati bilan tanishib, ushbu oliy taʼlim muassasasi rektori Anne Fraisse xonim bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Muloqot chogʻida ikkala taʼlim muassasasi oʻrtasida ilm-fan va taʼlim sohasida hamkorlikda ishlash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Key Action 1 granti yordamida 2027-yilgacha boʻlgan muddatda Samarqand davlat chet tillar instituti va Monpelye universiteti oʻrtasida 7 nafar talaba hamda 6 nafar professor-oʻqituvchining akademik mobilligi amalga oshirilishi belgilandi.
Ayni paytgacha Samarqand davlat chet tillar instituti Fransiyaning yetakchi universitetlari – Puate universiteti, Quyi Normandiya Kan universiteti, Sorbon universiteti, Lion-2 universiteti, Serji Pontuaz universiteti, Parij akademiyasi va boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Bu aloqalar nafaqat oʻquv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, balki talabalarning xalqaro miqyosda bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.
Institutimiz Erasmus+ dasturlari doirasida Puate universiteti bilan hamkorlikni kengaytirib, bir qator muhim tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun global taʼlim maydonida yanada koʻproq imkoniyatlar yaratishga intiladi.
Bahodir XOLIQOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring