Ikki xalq kuychisi, gʻazalxon shoir Oʻlmas Jamol xotirasi yod etildi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Oʻlmas Jamol ikki qardosh va jondosh xalq — oʻzbek va tojik xalqlarining ardoqli farzandi, shirinkalom, gʻazalxon shoiri edi. U Oʻzbekistonda tugʻilib, Tojikistonda voyaga yetdi, kamol topdi. Shu bois bir umr oʻz ijodida ikki xalqni tarannum etdi. Shoirning sheʼrlari hamon oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi abadiy va azaliy doʻstlikning muqaddas madhiyasi boʻlib jaranglamoqda. Shu bois ham bu ikki millat adabiyotining taniqli vakili boʻlgan Oʻlmas Jamol “ikki chaman bulbuli”, “oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi koʻprik” kabi sifatlar bilan taʼriflanadi.
Oʻlmas Jamol hayot boʻlganida bu yil 90 yoshga toʻlar edi. Shu munosabat bilan shoir tugʻilib oʻsgan Urgut tumanida uning porloq xotirasiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, adabiyotshunos olimlar, tojikistonlik mehmonlar, Urgut tuman jamoatchiligi vakillari, oʻquvchi-talabalar hamda shoirning oila aʼzolari qatnashdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar shoir yashagan uyda boʻlib, Oʻlmas Jamolni yod etishdi. Xonadonda shoirning barelfisi ochildi, gullar qoʻyildi. Shundan soʻng uning xotirasiga Qurʼon tilovat qilindi.
Adabiy-maʼrifiy kecha Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorligida bunyod etilgan 154-sonli umumtaʼlim maktabida davom etdi.

Tadbirda Urgut tumani hokimi Botir Jabborov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli adib Farmon Toshev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Xosiyat Bobomurodova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat boʻlimi rahbari, shoir Toshpoʻlat Tugalov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Jumagul Suvonova, “Vatandoshlar” jamoat fondi raisi Odiljon Sattorov, Tojikiston “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumannonzoda va boshqalar soʻzga chiqib, Oʻlmas Jamolning adabiyotga, oʻzbek sheʼriyatini Tojikistonda targʻib etishga va bu ikki xalq doʻstligini yanada mustahkamlashga qoʻshgan hissasi haqida gapirdilar.
Qayd etilganidek, Oʻlmas Jamol 1934-yilda Urgut shahrida, Jamol nonvoy oilasida dunyoga kelgan. Uning bolaligi Urgut tuman markazida oʻtgan. Shoir maktab yoshida hayot tashvishlari bilan band boʻlib maktabga borolmay oʻqishdan qolib ketgan. Ular Urgutning markazidan choyxona ochib, oilaviy shu yerda ishlaganlar.

Tojikistonda yashayotgan qarindoshlarining daʼvati bilan 1947-yilda Oʻlmas Jamol oilasi bilan Tojikistonning poytaxti Dushanbe shahriga koʻchib ketishadi.
Oʻsha yerda 1956-yili oʻrta maktabni bitirib, shu yili Tojikiston Davlat universitetining tarix-filologiya fakulteti, tarix boʻlimiga oʻqishga kiradi. Keyinchalik Tojikiston radio va televideniyesi hamda “Xalq ovozi” gazetalarida samarali faoliyat koʻrsatdi.
1969-yili “Irfon” nashriyotida shoirning “Mehr bulogʻi” nomli, 1988-yilgacha Toshkent va Dushanbe nashriyotlarida shoirning 9 ta poetik toʻplamlari bosilgan.

1974-yili Tojikiston Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinadi. Oʻlmas Jamol “Tojikistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni, “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlangan. Shuningdek, Abulqosim Lohutiy nomidagi mukofot laureatidir.
Adibning 70-yilligi arafasida “Surur” nomli, 75-yilligi munosabati bilan “Masrur”, soʻngra “Manzur” nomli devonlari, 80 yoshligi arafasida esa “Maʼmur” nomli toʻrtinchi devoni nashr etildi. U ijodi bilan gʻazal janrini qayta jonlantirishga katta hissa qoʻshgan shoirlardan hisoblanadi.

Tadbirda SamDUning Urgut filiali talabalari va 154-maktab oʻquvchilari tomonidan shoir sheʼrlaridan namunalar oʻqildi.
Shoirning yuzga yaqin gʻazallari qoʻshiq qilinib, Oʻzbekiston va tojikistonlik mashhur sanʼatkorlar tomonidan hamon sevib kuylab kelinmoqda. Adabiy-maʼrifiy kecha ham sanʼatkorlar ijrosidagi Oʻlmas Jamol sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlardan tuzilgan konsert dasturi bilan davom etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring