Ichki bozor ehtiyoji qondirilmasa, eksportga yoʻl yoʻq!

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. — Yaqinda nabiramning samokatida podshipnigi toʻkilib bozorga tushdim, — deydi mehnat faxriysi Tolibboy Sodiqov. — Topolmasam kerak deb oʻylagandim. Dastlabki doʻkondayoq savdolashib ham oʻtirmay, sotuvchi yigit aytgan narxda oldim. Ikki barmogʻim orasida gʻildiratib aylantirarkanman, xayolimdan bu savil Navoiyda besh ming soʻmga sotilayotgan boʻlsa, Xitoyning oʻzida qancha turarkan, degan fikr oʻtdi. Roʻzgʻorimizdagi changyutgichning filtrini almashtirish fursati ham yetganligi esimga tushib, boshqa bir sotuvchidan toʻgʻri kelmasa almashtirish sharti bilan oʻn ikki ming soʻmga filtrni ham xarid qildim. “Tozasi” yigirma besh ming soʻm dedi, uniyam 22 mingga bersa kerak. Savdo baroridan kelib yoʻl-yoʻlakay kosiblar bozorini aylandim. Bir dona supurgi 25 mingdan 40 ming soʻmgachaligi hayratga soldi. Bu supurgi Xitoyga borib qolsa, qanchaga sotilarkan?
Tolibboy aka nafaqagacha Navoiydagi yirik sanoat korxonasida payvandchi boʻlib ishlagan. Bozor mexanizmi, konyukturasi va munosabatlari kabi zamonaviy iboralarni koʻp ishlatmasa-da, podshipnik ishlab chiqarish supurgi bogʻlashdan murakkabligini yaxshi biladi. Bizda supurgi changyutgich filtridan qimmatligini bilsa, ular bozorlarimizni supurgiga koʻmib tashlashardi, deya suhbatimizga yakun yasadi.
Hamsuhbatimizning jaydari tahlili iqtisodiyotimizning bugungi ahvolini toʻlaqonli ifoda etmasligi mumkin, biroq haqiqatdan yiroq emas. Sinchkov nazar solsangiz bugun isteʼmol ehtiyojlarimizning yarmidan koʻpi — soch tarogʻimizdan tortib, pashshaxonamizgacha chetdan keltirilayotganligi yurtdoshlarimiz kundalik hayotida guvohi boʻlmoqda. Joriy yilda birgina Navoiy viloyati 54 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirganligini tasdiqlaydi. Bunda yirik hamkor davlatlar ulushi XXR 28,4 %, Rossiya 15,1 %, Qozogʻiston 10,1 %, AQSH 7,5 %, Buyuk Britaniya 7,3 %, Turkiya 6,4 % va Yaponiya 5,4 % jami importning 80,5 % ni tashkil etadi. Toʻgʻri, ulardan import qilinayotgan barcha mahsulotlarni mahalliylashtirish mushkul, biroq ularni oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, bozorlarda sogʻlom raqobatni yuzaga keltirish bilan birga yangi ish oʻrinlari manbai ekanini unutmaslik lozim.
Mamlakatimiz Prezidenti joriy yilning 26-may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bugungi tahlikali va noaniqliklarga toʻla sharoitda har bir mamlakat avvalo, eng koʻp ish oʻrini yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini koʻrayotganini taʼkidladi. Milliy brendlarni koʻpaytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Chunonchi, Savdo-sanoat palatasi har bir korxonaga borib, sertifikat olishga koʻmaklashsa, qoʻshilgan qiymatni ham, eksportni ham oshirish mumkinligini taʼkidlab bir qator hududlar, jumladan Navoiy viloyatida xalqaro sertifikatga ega korxonalarni 20 taga yetkazish vazifasini qoʻydi.
— Xalqaro sertifikatlar sanoat ishlab chiqarishida muhim ahamiyatga ega, — deydi Navoiy viloyat Savdo sanoat palatasi rahbari Dilshod Shakarov. — Chunki ular mahsulotlarning yuqori sifati, ishlab chiqarishning xavfsizligi va raqobatbardoshligini taʼminlaydi. Bozorda mijoz ishonchini qozonishning eng ustuvor omili bular. Navoiy viloyati korxonalari tomonidan joriy yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 111,3 foiz oʻsish surʼatini tashkil etgan. Bunda uchta hudud yetakchilik qilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 90 foizga yaqini Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa tumanlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Navoiy shahridagi “NAVPROMLITMASH” masʼuliyati cheklangan shulardan biri boʻlib, korxonada ichki bozor uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarilishi bilan birga hududdagi yirik sanoat korxonalar ehtiyoji uchun ehtiyot va butlovchi qismlar tayyorlashni ham oʻzlashtirilgan.
— Viloyatimizda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish barqaror rivojlangan, — deydi “NAVPROMLITMASH” MCHJ rahbari Ibrohim Fayziyev. — Mazkur tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yirik korxonalar yaqin-yaqingacha havo va moy filtrlarini chetdan import qilishardi. Endilikda ular uchun korxonamiz asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Korxonaga xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar “yashil” iqtisodiyot mezonlariga toʻla mos keladi. Zavodda mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshiruvchi sinov laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. “NAVPROMLITMASH” MCHJ faoliyatiga bejiz toʻxtalmadik. Eslasangiz, maqolamiz avvalida changyutgich filtrlari haqida hikoya qilgandik. Kimningdir kasanachilik yoki kooperatsiya asosida maishiy jihozlar uchun filtrlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi, arzimagan shu mahsulotning bugun chetdan kirib kelishi va valyuta chiqib ketishi barham berib, jamiyatda yangi ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlardi. Mamlakatimiz JST rasman aʼzo boʻlgach, raqobat yanada jiddiylashishi inobatga olsak, bugun ayni otni qamchilaydigan fursat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring