Huquqiy aksiya: “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi”

10:23 09 Iyun 2025 Jamiyat
91 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi yuz minglab hamyurtlarimizning fuqarolik hujjatlari bilan bogʻliq muammolarini hal qilishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Huquqiy aksiya doirasida tugʻilishi qayd etilmagan va fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi mavjud boʻlmagan shaxslarga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, akatsiya davomida huquqiy muammosi mavjud yoki huquqiy yordamga muhtoj aholiga amaliy yordam koʻrsatish, roʻyxatdan oʻtkazilmagan tadbirkorlik subyektlarini yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan koʻchmas mulklarini roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish kabi xizmatlar koʻrsatilyapti.

Oʻz navbatida, yaqin qarindoshining oʻlimi qayd etilmagan shaxslar, tugʻilganligi yoki yaqin qarindoshining oʻlimi haqidagi tibbiy maʼlumotnomaga ega boʻlmagani sababli yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim boʻlgan shaxslar adliya organlari tomonidan bepul huquqiy yordam olishi taʼminlanayotir. Shu bilan birga, huquqiy aksiya doirasida qayd etilmagan tugʻilganlik va oʻlim holatlari respublika miqyosida xatlovdan oʻtkazilmoqda. Natijada tugʻilish yoki oʻlim haqidagi faktlarni belgilash yuzasidan sudlarga arizalar kiritiladi va sud hujjati asosida tugʻilish (oʻlim) qayd etib beriladi.

— Huquqiy aksiya boshlangandan buyon Fargʻona viloyatida qariyb 48 ming nafar hamyurtlarimizning fuqarolik hujjatlariga yuridik tuzatishlar kiritildi, — deydi Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Kamoldin Mashrapov. — Shu tariqa 8 ming 378 nafar vatandoshimizning familiya, ismi va sharifi va boshqa maʼlumotlari tahrirlandi. Texnik nosozliklar tufayli maxsus raqamli kod (JSHSHIR) biriktirilmay qolgan 24 ming dona dalolatnoma yozuvlariga tuzatishlar kiritildi.

Quva tumanining Turk koʻchasida 20 yildan buyon shaʼriy nikoh asosida yashab kelayotgan oila — Asqar Umaraliyev hamda Gavhar Boboyevaning hujjatlarga beeʼtiborligi oqibatida nikohi qonuniylashmagan edi. Quva tuman FHDY boʻlimi tomonidan aksiya doirasida bu oilaning qonuniy nikohi belgilangan muddatidan avval rasmiylashtirib berildi.

Margʻilonlik Dildora Hidoyatova ikki nafar farzandini muhojirlikda dunyoga keltirdi. Uning turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy nikohi qayd etilmaganligi sababli bolalariga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarni yolgʻiz ona maqomida hujjatlashtirgan. Shu sababli turmush oʻrtogʻining vafoti munosabati bilan ushbu oilaga boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi tayinlashda bolalarning hujjatlari bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi. Ammo masala adliyachilar tomonidan ijobiy hal etildi.

Umuman olganda, dastlabki 3 oy davomida viloyatda 2 ming 485 nafar fuqaroning tugʻilishi qayd etilib, guvohnoma berilgan boʻlsa, 3 ming 59 nafariga tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirildi. 346 nafar qonuniy nikohdan oʻtmay yashab kelayotgan fuqarolarning nikohi qonuniy qayd etib berildi. 2 ming 235 nafar yurtdoshlarimiz ID-kartalariga ega boʻlishdi. 2 ming 658 ta tadbirkorlik subyektlari qayta va 3 ming 814 ta koʻchmas mulk obyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Aytish joiz, “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi joriy yilning 31avgustiga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер