Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Oʻzbekiston armiyasi: kecha va bugun” fotokoʻrgazmasi oʻtkazildi (+fotoreportaj)

15:34 14 Yanvar 2026 Jamiyat
194 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joriy yilning 14-yanvar kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Oʻzbekiston armiyasi: kecha va bugun” mavzusidagi fotokoʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Fotokoʻrgazma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 1-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi F-70-son farmoyishining 2-ilovasi, 36-bandiga muvofiq oʻtkazilgan “Oʻzbekiston armiyasi: kecha va bugun” mavzusidagi fotosuratlar koʻrik-tanlovi gʻoliblarining asarlari asosida tashkil etildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Fotokoʻrgazmaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olim Avalboyevich Oʻsarov kirish soʻzi bilan ishtirok etib, milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning jasorati va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish borasidagi ishlar ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Mazkur tanlovda 30 ga yaqin professional va havaskor fotograflar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Tanlovga milliy armiyamiz faoliyatiga oid 500 dan ortiq fotosuratlar kelib tushgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Fotosuratlarda Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatan himoyachilarining sharafli va masʼuliyatli xizmat faoliyati, ularning oilaviy hayoti va turmush tarzi, shuningdek, milliy armiyamizning kechagi va bugungi qiyofasi oʻz aksini topgan. Asarlar professional foto-jurnalistlar va sohaning malakali mutaxassislaridan iborat nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan saralanib, 1-, 2-, 3-oʻrinlar hamda “Harbiy xizmatchining oilasi”, “Harbiy xizmatchining shijoati”, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, tadbir davomida Salim Doniyorov, Muhammad Ali va boshqa ishtirokchilar soʻzga chiqib, fotokoʻrgazmaning mazmun-mohiyati, milliy armiya obrazini yoritishda fotosurat sanʼatining oʻrni hamda yoshlar ongida Vatanga muhabbat tuygʻularini mustahkamlashda bunday tashabbuslarning ahamiyati haqida fikr bildirdilar.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bosh tashkilotchiligida, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Fotokoʻrgazmaning asosiy maqsadi — harbiy xizmatchilarning jasorati, matonati, vatanparvarlik ruhi va yurtga boʻlgan sadoqatini aks ettiruvchi fotosuratlarni keng jamoatchilikka taqdim etish, yosh avlod ongida milliy armiyaga nisbatan faxr, ishonch va hurmat tuygʻularini mustahkamlash, ularni harbiy kasbga qiziqtirishdan iborat.

Namoyishga qoʻyilgan fotosuratlar nafaqat hujjatli ahamiyatga ega, balki milliy xotira, tarixiy davomiylik va milliy armiyamizning bugungi qiyofasini oʻzida mujassam etgan badiiy manba sifatida ham ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?