Hindistonlik taniqli bloger Toshkentga sayohatni betakror taassurotlarga ega boʻlish uchun noyob imkoniyat sifatida taʼrifladi

08:17 29 Avgust 2023 Madaniyat
1092 0

Hindistonlik taniqli bloger Mallika Xurana Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga bagʻishlangan maqolasida oʻz oʻquvchilarini Oʻzbekiston poytaxtiga qiziqarli sayohatga taklif qildi.

Muallif Dehli-Toshkent yoʻnalishidagi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan ushbu maftunkor shaharga uch soatdan kamroq vaqt ichida yetib borish mumkinligi haqida yozgan.

“Toshkentda tarixiy meros zamonaviy intilishlar bilan uzviy bogʻlangan, yirik kent madaniyat, meʼmorchilik, milliy oshxona va joʻshqin shahar hayotining oʻziga xos uygʻunligini taqdim etadi. Tarixga qiziqasizmi, milliy taomlarni xush koʻrasizmi, sanʼat ixlosmandimisiz yoki oddiy qiziquvchan insonmisiz? Toshkent har bir sayohatchiga oʻziga xos tajribaga ega boʻlish imkoniyatini taklif qila oladi”, deb taʼkidlagan Mallika Xurana.

Muallif sayohatchilarni betakror taassurotlar olamiga choʻmdiradigan 8 ta ajoyib maskanlarga taʼrif bergan.

Avvalo, bu “Chorsu” bozori boʻlib, mazkur hududda xushboʻy hidlar va jonli ranglarning sehri hayratlanarli tarzda oʻzaro bogʻlanib ketgan. Jozibali va jonli koʻrinishlardan bahra olib, mahalliy savdogarlar bilan muloqot qilib, bozorning oʻziga xos muhitida siz betakror ziravorlardan tatib koʻrasiz, qoʻlda tikilgan kashtachilik namunalari bilan tanishasiz, boshqa qimmatli bilimlarga ega boʻlasiz.

Amir Temur xiyobonida tarix va zamon haqida fikr yuritish mumkin. Ulugʻvor tarixiy shaxsning mahobatli haykali va maydon atrofidagi viqorli binolar asrlar boʻylab sayohatga chorlaydi.

Eski Toshkentning sirli koʻchalari oʻtmish haqida tasavvurni boyitadi. Bu yerda har bir bino tarix sahifasidir, Barokxon madrasasi va Tilla Shayx masjidi chinakam meʼmorchilik durdonalari hisoblanadi.

Toshkent metrosiga tashrif sanʼat olamiga sayohatga qiyoslangan. “Har bir bekat nafis mozaikalar, qandillar va oʻziga xos uslubda bezatilgan sanʼat asaridir. Metroda sayr qilish boy madaniy tajribaga ham aylanadi”, deb taʼriflaydi muallif.

Mallika Xurana Mustaqillik maydoni Oʻzbekiston suvereniteti va gʻururi ramzi ekanini taʼkidlagan. “Maydon boʻylab sayr qilar ekansiz, ulugʻvor meʼmorchilik namunalari, favvoralar raqsi, el-yurt ozodligiga bagʻishlab bunyod etilgan Mustaqillik monumenti bilan tanishasiz”, deydi u.

Toshkentning tungi hayoti hordiq chiqarish uchun rang-barang va qulay imkoniyat sifatida tasvirlangan. “Milliy va xalqaro musiqa yangraydigan yorqin klublardan tortib shinam kafe va restoranlargacha boʻlgan turli didlarga mos boy tajribadan bahramand boʻlishingiz mumkin”, deyiladi maqolada.

Oʻzbek oshxonasi – betakror did va anʼanalar olamiga qiziqarli sayohat, deb qayd etgan bloger. “Guruch, goʻsht va ziravorlarning mazali taʼmlari qorishmasini taqdim etadigan palov kabi mashhur milliy taomlar mazasidan tatib koʻrish imkoniyatini qoʻldan boy bermang. Yumshoq xamirdan tayyorlangan va sermaza qiyma bilan toʻldirilgan manti ham, albatta, isteʼmol qilib koʻrishingiz kerak boʻlgan yana bir nozik taomdir”, deb yozadi muallif.

Alisher Navoiy nomidagi Akademik katta teatr Oʻzbekiston sanʼati yuksakligini oʻzida mujassam etgan madaniyat durdonasidir. Maqolada “teatr spektakllarida qatnashish shunchaki bir tomosha emas, balki mamlakatning musiqa, raqs va teatr mahorati bayramidir”.

Mallika Xurana oʻz maqolasini ushbu noyob maskanlarning har biri goʻzal Toshkent shahri haqida unutilmas xotiralar va rang-barang kechinmalarga ega boʻlishda oʻta muhim ahamiyat kasb etishi haqidagi fikrlar bilan yakunlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер