Oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga parlament soʻrovi yuboriladi
Senatning oʻn birinchi yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga parlament soʻrovini yuborish masalasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 ta qonun, Prezidentning 32 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 45 ta qarori qabul qilingan. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari, “Oqila ayollar” harakati va mahalla instituti hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha maqsadli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Sud organlari tizimida ham innovatsion yondashuv joriy qilinib, “Oila sudyalari” instituti tajriba sifatida amalga kiritilgan.
Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.
Jumladan, 2024-yilda 271 776 ta nikoh tuzilgan boʻlsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 135 tani tashkil etgan. Oʻtgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha boʻlgan shaxslarga toʻgʻri kelgan.
Nikohdan ajralishlarning eng koʻpi Toshkent shahri (5 913 ta), Fargʻona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand viloyatlarida (4 599 ta) kuzatilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan boʻlib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan. Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni oʻsgan.
Nikohdan ajralishlarning sabablarini tahlil qilish oldini olish mumkin boʻlgan holatlar ham borligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17 535 ta holatda (54 foiz) xarakter toʻgʻri kelmasligi, 1 807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta holatda (3 foiz) oʻzaro ishonchsizlik sabab qilib koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, 2024-yilda FHDYO organlarida 7 499 ta oila oʻzaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.
Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Oʻtgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari koʻpayayotgani qayd etildi.
Muhokama yakunida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga tegishli parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida Senat qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring