Gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya yil boʻyi toʻlanadi – arizalar qabul qilish boshlandi

15:15 06 Iyun 2025 Jamiyat
157 0

2025-yil 1-maydan boshlab Oʻzbekiston boʻylab ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya toʻlash tartibi amaliyotga joriy qilindi.

Avvallari bu yordam faqat qish oylariga — noyabrdan fevralgacha moʻljallangan boʻlsa, endilikda kompensatsiyalar har oyda doimiy tarzda toʻlab beriladi. Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun muhim yengillikdir.

1-iyundan eʼtiboran ariza topshirish jarayoni boshlangan. Kompensatsiyalar birinchi navbatda Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ajratiladi.

Bunda asosiy mezon – oila aʼzolariga toʻgʻri keladigan oylik daromad miqdori 669 ming soʻmdan kam boʻlishi hisoblanadi. Shu bilan birga, yuqoridagi reyestrlarga kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir aʼzoga 1 million soʻmdan kam boʻlgan oilalar ham ushbu imtiyozdan foydalanish huquqiga ega boʻladi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2024–2025-yilgi isitish mavsumida kam taʼminlangan oilalarga 313,6 milliard soʻm miqdorida yordam ajratilgan. Yangi tizim joriy etilishi bilan esa 2025-yil davomida umumiy 1 trillion 330 milliard soʻm miqdorida kompensatsiya ajratilishi rejalashtirilgan. Bu esa ijtimoiy tenglik va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.

Arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar orqali yoki 1140 qisqa raqami orqali qabul qilinadi. Mazkur mexanizm ehtiyojmand qatlamlar ehtiyojini samarali qondirish va energiya xarajatlarining bir qismini qoplashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер