Fargʻonada meva-sabzavotlar fitosanitariya laboratoriyasi tahlilidan oʻtkazilmoqda

10:21 13 Iyun 2025 Jamiyat
193 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasida eksportyor korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratish maqsadida fitosanitariya laboratoriyasi tashkil etilgan.

Ayni pishiqchilik mavsumida Oltiariq, Quva va Oʻzbekiston tumanida eksportga koʻmaklashuvchi viloyat shtabi filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Eksport jarayonida tezkorlik va qulaylik yaratish maqsadida sayyor mobil laboratoriya ham faoliyat koʻrsatib, malakali mutaxassislar bevosita hududlarga chiqqan holda tadbirkorlarga koʻmaklashadi.

Fargʻona viloyati hokimligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan media-rejaga asosan oʻtkazilgan navbatdagi press-turda shu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar mohiyati tushuntirildi.

Tadbir rejasiga koʻra, OAV vakillariga Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilayotgan fitosanitariya faoliyati haqida toʻliq maʼlumot berildi.

Jurnalistlar boshqarma tasarrufidagi fitosanitariya laboratoriyasida zararkunanda va kasalliklarni aniqlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, zamonaviy jihoz hamda texnika vositalarini koʻzdan kechirishdi. Mutaxassislar tomonidan amaliy ish jarayoni koʻrsatib oʻtildi.

— Bu yerda Fargʻona vodiysida yagona boʻlgan uskunalar yordamida turli zararkunanda va kasalliklarni aniqlash imkoni mavjud, — deydi fitosanitariya laboratoriyasi mudiri Abdurauf Mahmudov. — Hozirgi kunda laboratoriyada eksport qilinayotgan har bir qishloq xoʻjaligi mahsulotini tekshirib, tegishli ekspertiza xulosasini berish yoʻlga qoʻyilgan.

Zamonaviy asbob-uskunalar oddiy qurilmalarda aniqlab boʻlmaydigan virusli va bakteriologik kasalliklarni aniqlash imkonini beradi. Shu maqsadda AQSH, Polsha, Turkiya, Xitoy, Latviya, Rossiya va Germaniyadan olib kelingan 20 turdagi uskunalar yordamida gerbologik, entomologik, fitopatologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Oʻz navbatida, sayyor mobil laboratoriya orqali ham ana shunday tekshiruvlar oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер