Fargʻonada birinchi Xalqaro kitobxonlik festivali boʻlib oʻtmoqda

Botir Madiyorov/“Xalq soʻzi”. 2025-yil 14–17-may kunlari Fargʻona viloyatida birinchi Xalqaro kitobxonlik festivali hamda “Central Asia – 2025: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusidagi XVIII xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Fargʻona shahridagi Kashtanzor koʻchasida festivalning tantanali ochilish marosimi bayramona ruhda oʻtkazilib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, shuningdek, 12 davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar, ziyolilar, faol kitobxonlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Fargʻona azaldan kitobsevarlar, adabiyot ixlosmandlari va isteʼdodli ijodkorlar yurti sifatida mashhur. Viloyat hokimligi tomonidan 2025-yil “Kitobxonlik yili” deb eʼlon qilinib, bu yoʻnalishda qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi doirasida 100 mingdan ziyod turli tashkilot va muassasa xodimlari kutubxona aʼzolariga aylandi. Shuningdek, viloyat tuman va shaharlarida 15 ga yaqin shaxsiy kutubxonalar tashkil etildi.
— Xalqaro anjuman va kitobxonlik festivaliga jiddiy tayyorgarlik koʻrildi, — deydi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Husniyaxon Shermatova. — Oʻtgan yili markazimiz 14 milliard soʻm mablagʻ evaziga kapital taʼmirlanib, zamonaviy infratuzilmaga ega boʻldi.
Markazda anʼanaviy, virtual va elektron kutubxona xizmatlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Mutolaa zallari, muhokama va kompyuter xonalari, media-studiyalar, videozallar, book café, 5 ta oʻquv zali, ilmiy-tadqiqot, bolalar va oʻsmirlarga xizmat koʻrsatish hamda nodir fotosuratlar boʻlimlari zamon talablari darajasida jihozlangan.
Festival va konferensiya doirasida kitob yarmarkalari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, sheʼrxonlik kechalari, taqdimotlar, intellektual oʻyinlar va sport musobaqalari oʻtkaziladi.
Xalqaro konferensiyada Belorussiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Malayziya, Ummon sultonligi, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston kabi mamlakatlardan ishtirokchilar oʻz maʼruzalari bilan bevosita va onlayn shaklda qatnashadi. Nufuzli idora va kutubxona rahbarlari tomonidan dolzarb mavzularda maʼruzalar taqdim etiladi.
Mehmonlar uchun milliy qadriyatlar va anʼanalarni namoyon etuvchi “Maʼrifat-tur” loyihasi doirasida Fargʻona viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar ham tashkil etiladi.
Ushbu anjuman Markaziy Osiyo miqyosida ilm-fan, taʼlim, madaniyat va axborot sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, axborot resurslarini kengaytirish va innovatsion gʻoyalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring