Dunyoning eng keksa odami 116 yoshida vafot etdi. 130 yoshli hamyurtimiz Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladimi?
Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan dunyoning eng keksa odami sifatida eʼtirof etilgan yaponiyalik ayol Tomiko Itooka 116 yoshida vafot etdi. Bu haqida “BBC News” nashri xabar berdi
Itooka xonim 1908-yil 23-may kuni oʻsha vaqtdagi Yaponiya imperiyasining Osaka shahrida tugʻilgan. U jahon urushlari, pandemiyalar hamda dunyoning texnologik yutuqlarga erishgan yillarida yashagan.
Ginnesning maʼlumotlariga koʻra, Tomiko xonim 20 yoshida turmushga chiqqan va ikki qiz va ikki oʻgʻil farzandni dunyoga keltirgan.
Ikkinchi jahon urushi paytida u erining toʻqimachilik fabrikasini boshqargan. Eri 1979-yilda vafot etgan. Tomiko xonim boshqa turmush qurmagan va shu vaqtgacha yolgʻizlikda yashagan.
Maʼlum boʻlishicha, Tomiko Itooka 2024-yil 29-dekabr kuni Xyogo prefekturasining Ashiya shahridagi qariyalar uyida 116 yoshida vafot etgan.
Uning vafotidan keyin dunyodagi eng keksa odam yana bir 116 yoshli braziliyalik rohiba Inah Kanabarro Lukas ekanligi taʼkidlanmoqda. U Tomiko Itooka tavalludidan 16 kun oʻtib dunyoga kelgan. Hozircha bu maʼlumotlar Ginnes tomonidan tasdiqlanmagan.
Eslatib oʻtamiz, kuni kecha 1895-yilning 1-yanvarida dunyoga kelgan hamyurtimiz Xuvayda momo Umarova 130 yoshga toʻlgani haqida xabar bergan edik. Masʼullar Xuvayda momoni sayyoramizdagi eng yoshi ulugʻ inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun hujjat toʻplagan hamda oʻrganishlar olib borgan. Afsuski, sobiq Sovet Ittifoqi bergan hujjatlarda chalkashliklar boʻladi, degan vaj bilan haligacha bu ish oxiriga yetmay kelmoqda.
Hozirda onaxonning hujjatlari yana qaytadan tayyorlanib, noaniqliklarga aniqlik kiritilib, Toshkentga, masʼullarga qayta yuborilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring