Choʻngʻara mahallasida yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi

11:49 21 Oktyabr 2024 Jamiyat
186 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanidagi “Choʻngʻara” mahalla fuqarolar yigʻinida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Fargʻona viloyati hokimligi masʼullari ishtirokida hudud aholisi bilan yuzma-yuz muloqot tashkil etildi.

Natijada murojaatlar asosida koʻplab masalalar joyida ijobiy hal etildi. Xususan, 22 ta murojaatdan 5 tasi zudlik bilan yechim topgan boʻlsa, qolganlari boʻyicha tegishli mutasaddi idoralarga topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Oilaviy shifokorlik punktida tibbiy koʻrik oʻtkazilib, 12 nafar kishiga tuman va viloyat shifoxonalarida davolanish uchun yoʻllanma, qariyb 100 nafariga birlamchi tibbiy sanitariya muassasalarida ambulator davolanishga tavsiyalar berildi, shuningdek, 80 nafar ehtiyojmand fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari tarqatildi.

— Shu kunning oʻzida mahallaga toza ichimlik suvi tortish uchun suv minorasi olib kelindi va oʻrnatishga kirishildi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Hojiqoʻzijon Isaqov. — Elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida 44-umumiy oʻrta taʼlim maktabi, mahalla idorasi va oilaviy shifokorlik punktiga quyosh panellari oʻrnatildi.

Mahalladagi 58-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining isitish tizimi kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi belgilandi.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Choʻngʻara mahallasidagi 426 ta oilada 1667 nafar aholi istiqomat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?