Buxoroda 5 ta bozor maʼmuriyatiga chora koʻrildi

21:08 23 Aprel 2025 Jamiyat
224 0

Foto: Ekologiya vazirligi

Buxoro viloyatida chiqindilarni joylashtirish va ulardan foydalanish talablarini buzgan 5 ta bozor maʼmuriyatiga chora koʻrildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi masʼullari hamda viloyat Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokida hududlarning sanitar holati yuzasidan ekologik nazorat reyd tadbirlari oʻtkazildi.

Reyd davomida Kogon shahri, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida joylashgan oziq-ovqat hamda buyum bozorlari sanitariya talablariga javob bermasligi, sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish talablari buzilgani aniqlangan. Holat yuzasidan “Gʻijduvon dehqon bozori”, “Kogon savdo market”, Kogon Sohibkor dehqon bozori”, “Shofirkon dehqon bozori” va “Shofirkon savdo kompleksi” maʼmuriyatining jami 5 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga taqdim etilgan.

Shuningdek, oʻrganishda bir qator fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlanib, har bir huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BMHning 1 baravari, yaʼni 375 ming soʻmdan jarima qoʻllanilgan.

“Bu kabi kuchaytirilgan ekologik nazorat reyd tadbirlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?