Oʻzbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
27-noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Gretsiya Respublikasidan Paraskevi Seveleki, Indoneziya Respublikasidan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviya Respublikasidan Girts Yaunzems, Fransiya Respublikasidan Valid Fuk, Rossiya Federatsiyasidan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikiston Respublikasidan Nasriddin Ismatullodan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonda oʻz missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Hozirgi beqaror davrda, butun dunyoda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar keskinlashib borayotgan bir paytda diplomatlarning ishi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
– Sizlar bir necha oydan buyon yurtimizda boʻlib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal oʻzgarishlar ruhi bilan yashayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga shaxsan guvoh boʻlyapsiz, – dedi Prezidentimiz.
Xususan, joriy yilda Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yigʻilishi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Xalqaro iqlim forumi, UNESCO Bosh konferensiyasining tarixiy sessiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Bu yil mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pogʻonaga koʻtarildi va oxirgi 10 yil ichida eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi. Keyingi sakkiz yilda iqtisodiyotimiz ikki baravardan koʻproqqa oshdi. Kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha pasaydi.
Ochiqlik siyosati natijasida qariyb 100 ta mamlakat uchun vizasiz rejim joriy etildi. Eksport geografiyasi doimiy ravishda kengayib bormoqda. Bu yil tashqi savdo aylanmasi tarixda birinchi marta 66 milliard dollardan oshdi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 39 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini faol qoʻllab-quvvatlagani uchun elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Gretsiya Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi anʼanaviy va istiqbolli sheriklaridan biri ekanini taʼkidladi.
Joriy yilda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Aprel oyida Toshkentda Gretsiya elchixonasi oʻz faoliyatini boshladi.
Yil boshidan beri oʻzaro savdo hajmi 5 baravar oshdi. Farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Yaqin fursatda Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va Oʻzbekiston – Gretsiya biznes forumining samarali boʻlishini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Indoneziya Respublikasi bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezidentimiz xalqlarimizni azaldan tarixiy, diniy va madaniy aloqalar bogʻlab turganini taʼkidladi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan 60 foizga oshgani taʼkidlandi. Kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, telekommunikatsiya va turizm sohalarida qoʻshma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Dekabr oyida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyiladi.
Kelgusi yili Toshkentda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va biznes forumi hamda Jakartada siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilishi salmoqli natija berishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari Latviya Respublikasi bilan munosabatlarni muhokama qilish chogʻida siyosiy va iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar faollashganini taʼkidladi.
Soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonning Latviyaga eksporti va qoʻshma korxonalarning soni uch baravar oshdi. Mamlakatimizda Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Yaqinda Rigada Oʻzbekiston madaniyati kunlari va Rektorlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Migratsiya sohasida kelishuv imzolanishi, aviaqatnovlar koʻpayishi va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish ikki mamlakat xalqlari yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz Fransiya Respublikasi haqida soʻz yuritar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi. Oʻtgan oyda Strategik rejalashtirish guruhining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning mart oyida Parijga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif davomida 10 milliard dollarlik qoʻshma loyihalar boʻyicha kelishib olindi. Yil boshidan oʻzaro savdo hajmi 1,2 milliard dollardan oshdi.
Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2030-yilgacha hamkorlik dasturi tasdiqlandi. Oʻzbekiston – Fransiya qoʻshma universiteti ochildi.
Bu yil Parijda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari va turizm salohiyati koʻrgazmasi xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Kelgusi yilda Oʻzbekiston – Fransiya investitsiya kengashining birinchi yigʻilishi va Hududlararo forumni oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Rossiya Federatsiyasi – Oʻzbekistonning uzoq yillik strategik hamkori va ittifoqchisi.
Oʻtgan yili oʻzaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yaqinlashdi. Mamlakatimizda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan buyon 4 milliard dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirildi. Rossiyaning 15 ta oliy taʼlim muassasasining filiallari samarali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil Parlamentlararo komissiya yigʻilishi, “INNOPROM” xalqaro sanoat koʻrgazmasi, Hududlar rahbarlari kengashi, siyosiy maslahatlashuvlar, Rektorlar forumi, Rossiya madaniyati kunlari va boshqa tadbirlar oʻtkazildi.
Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning yigʻilishini samarali oʻtkazish, hududlararo muloqotni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Yaponiya bilan strategik sheriklikni kengaytirish – tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri.
Oʻzbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) va Nagoya universitetining vakolatxonalari samarali faoliyat yuritmoqda.
Telekommunikatsiya, energetika, sogʻliqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, taʼlim va turizm sohalarida 8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Strategik muloqotning birinchi yigʻilishi avgust oyida, oʻtgan oy esa Samarqandda Rektorlar forumi boʻlib oʻtdi. Osakada “Expo-2025” koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston Milliy kuni muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Keyingi oy Tokioda boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi muzokaralar va ishbilarmon doiralarning muloqotlari ikki tomonlama hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirildi.
Umumiy siyosiy iroda tufayli soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.
Chegara masalalari toʻliq tartibga solindi va transport aloqalari tiklandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlik kuchaydi.
Oʻzaro savdo 5 barobardan ziyodga oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. “Oybek-Fotexobod” erkin chegaraoldi savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazining tashkil etilishi tovar ayirboshlashni karrasiga oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Sanoat, transport, geologiya, energetika, qishloq xoʻjaligi va suv xoʻjaligi, turizm, taʼlim va madaniyat sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat borligi qayd etildi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.
Oʻz navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish uchun professional tajribasi va bilimlarini toʻliq safarbar etishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring