Bu yil kim “oltin bola” boʻladi?

15:23 02 Iyun 2025 Sport
173 0

Yevropada eng iqtidorli yosh futbolchilarga beriladigan “Golden Boy” mukofoti 2025-yilgi nomzodlar roʻyxati maʼlum boʻldi. 2003-yildan buyon har yili oʻtkazib kelinayotgan ushbu mukofot Yevropaning eng yirik klublarida toʻp surayotgan 21 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan biriga topshiriladi.

Dastlab Italiya nashri “Tuttosport” tomonidan tashkil etilgan mukofotga hozirda “LʻEquipe” (Fransiya), “Bild” (Germaniya) va “The Times” (Angliya) kabi ommaviy axborot vositalari ham baho berishda ishtirok etadi.

“Golden Boy” mukofoti odatda yil oxirida topshiriladi va butun yil davomida futbolchining koʻrsatgan natijalari asosida baholanadi. Amaldagi gʻolib — “Barselona” klubi hujumchisi Lamin Yamal. Reglamentga koʻra, bir futbolchi ushbu mukofotni faqat bir marta qoʻlga kiritishi mumkin. Shu sababli, bu yil Yamal ishtirok eta olmaydi va yangi isteʼdodlar uchun eshiklar ochiq.

2025-yilgi asosiy daʼvogar hozircha Parij Sen-Jermen (PSJ) yarim himoyachisi Dezire Due boʻlib turibdi. Ikkinchi oʻrinda “Arsenal” futbolchisi Maylz Lyuis-Skelli qayd etilgan, kuchli uchlikni esa “Barselona” himoyachisi Pau Kubarsi yakunlab beradi. Bu uch futbolchi mukofot uchun asosiy kurashchilardan hisoblanmoqda.

“Golden Boy” 2025 uchun 15 nafar nomzodlar roʻyxatida dunyo futbolining eng istiqbolli yosh yulduzlari jamlangan. Ular orasida “Real Madrid”dan Din Xeysen, Endrik va Guler, “Arsenal”dan Itan Nvaneri va “PSJ”dan Varren Zair-Emeri, “Yuventus”dan Kenan Yildiz, “Xoffenxaym”dan Tom Bishof, “Monako”dan Eliyesse Ben Seghir kabi futbolchilar bor.

Nomzodlar orasida shuningdek, “Ayaks” himoyachisi Jorrel Xato, “Sporting”dan Jevoni Kvenda, “Manchester Siti”dan Klaudio Echeverri va “Manchester Yunayted”dan Kobbi Maynu kabi iqtidor egalari ham bor. Har bir futbolchi oʻz jamoasida muhim rol oʻynab kelmoqda va ularning har biri yil yakuniga qadar mukofot uchun jiddiy daʼvogar boʻlishi mumkin.

“Golden Boy” mukofoti futbol olamida yoshlar oʻrtasidagi eng nufuzli individual sovrinlardan biri hisoblanadi. 2025-yilgi tanlov ham yosh futbol yulduzlari oʻrtasida kuchli raqobat maydoniga aylanayotgani bilan eʼtiborni tortmoqda. Gʻolib yil oxirida eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер