“Bolam, endi sira boʻlmaydi urush...”

14:18 12 May 2025 Jamiyat
124 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Fargʻona viloyatida Ikkinchi jahon urushida faol qatnashgan 6 nafar faxriy umrguzaronlik qilmoqda. Ulardan biri — Fargʻona tumanida istiqomat qilayotgan 103 yoshli Orifjon ota Moʻminovdir.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur qahramonning xonadonda mehmon boʻlib, u bilan samimiy suhbatlashdi. Tashrif chogʻida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning urush faxriysiga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Davlat rahbari farmoniga asosan ajratilgan pul mukofoti, esdalik sovgʻalari va “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medali tantanali tarzda topshirildi.

— Urushning ilk kunlaridan jangga kirgan uch nafar akamdan ketma-ket qoraxat keldi. Shuning soʻng 1944-yili 18 yoshimda urushga ketib, tankchi sifatida Yevropa davlatlarini fashizmdan ozod qilishda, keyin yapon urushi qatnashib, 1947-yili qadrdon ota yurtimga qaytdim, — deydi otaxon. — Shundan soʻng qishloq xoʻjaligida ishlab, 40-yil traktor mindim. 15 nafar farzand tarbiyalab, el-u yurtga qoʻshdik.

Orifjon ota Prezident gʻamxoʻrligi bilan 2017-yili muborak haj ziyoratini amalga oshirgani, 2021-yilda poytaxtimizda oʻtkazilgan Gʻalaba bayramida davlat rahbari bilan suratga tushgani va soʻnggi yillarda Yevropaning bir qator davlatlarini ziyorat qilgani haqida ham soʻzlab berdi. Urush va mehnatdagi xizmatlari uchun davlatimizning yuksak orden va medallari bilan mukofotlangan.

— Bolalarim, endi sira urush boʻlmasin, — deydi koʻz yoshlarini yashirmasdan, hovlidagi bolajonlarga mehr bilan tikilar ekan. — Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikka har doim shukrona aytaylik.

Shu kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshqa urush qatnashchilari xonadonlariga ham tashrif buyurib, Prezidentimizning bayram tabrigini yetkazdi, shuningdek, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер