Bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish uzoq yillar biz uchun eng ogʻriqli masala boʻlib kelgan edi — Shavkat Mirziyoyev

11:44 17 Oktyabr 2025 Siyosat
236 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvida har bir insonning huquq va erkinligini taʼminlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratilgani qayd etildi.

Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiya, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingani bu yoʻnalishdagi muhim qadamlar boʻldi.

Parlament huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham yetakchi yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard soʻmga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini koʻrib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston – Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

“Bolalar mehnati va majburiy mehnatga toʻliq barham berish uzoq yillar biz uchun eng ogʻriqli masala boʻlib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qatʼiy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik”, dedi Prezident.

Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha ilgʻor tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

Oʻzbek paxtasi dunyodagi koʻplab nufuzli brend kompaniyalarning “qora roʻyxati”dan chiqarildi. “Cotton campaign” tashkiloti Oʻzbekistonga qoʻyilgan taqiqni butunlay bekor qildi.

Oʻzbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli oʻtish jarayonlari uchun ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy himoya boʻyicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat boʻyicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakatimiz oʻtgan yili ushbu tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylandi.

«Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin aʼzoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti boʻlgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz Oʻzbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini taʼminlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik boʻyicha siyosatni qatʼiy davom ettiramiz», dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?