AQSH tahdidlari ortidan Maduro Venesuela qurolli kuchlari mamlakat boʻylab joylashtirilganini maʼlum qildi

09:53 04 Dekabr 2025 Dunyo
112 0

Venesuela qurolli kuchlari AQSH maʼmuriyati tomonidan bildirilgan tahdidlar sabab butun mamlakat hududi boʻylab joylashtirilgan. Bu haqda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro TASS keltirgan bayonotida maʼlum qilgan.

— 22 haftalik harbiy, xalq qoʻshinlari va politsiya mashgʻulotlari Venesuelani hech qachon erishmagan darajadagi kompleks mudofaaga tayyorladi. Bu mashgʻulotlar yurtimiz, suverenitetimiz, shaʼnimizni himoya qilishga, kelajak avlodlar uchun erkin va suveren Vatanni taʼminlashga xizmat qildi, — dedi Maduro mamlakat Qurolli kuchlari Strategik-operativ qoʻmondonligi orqali eʼlon qilingan murojaatida.

Maduroning aytishicha, AQSH tahdidlari ortidan Venesuelada soʻnggi besh oy davomida “Mustaqillik-200” nomli harbiy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Ularda muntazam qoʻshinlar bilan birga militsiya va politsiya boʻlinmalari ham ishtirok etmoqda.

— Psixologik bosim bizni hech bir qadam ham orqaga chekinishga majbur qilmadi. Biz xalqimiz munosib boʻlgan kuchli Vatan qurish yoʻlida har qanday vaziyatda oʻz yoʻlimizdan boramiz, — deya u AQSHning Venesuelaga qarshi qaratilgan harakatlarini qoraladi.

Eslatib oʻtamiz, AQSH Venesuela hukumatini giyohvand moddalar kontrabandasi bilan kurashda yetarli choralar koʻrmayotganlikda ayblab keladi.

Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp 21-noyabr kuni Nikolas Maduro bilan oʻtkazgan telefon suhbatida undan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni talab qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?