AQSH armiyasining 250 yilligi keng miqyosdagi harbiy parad bilan nishonlandi

14-iyun kuni AQSH poytaxti Vashington shahrida Amerika armiyasining 250 yilligi munosabati bilan keng koʻlamli harbiy parad tashkil etildi. Ushbu tantanali tadbir mamlakat prezidenti Donald Trampning 79-yillik tugʻilgan kuni bilan bir vaqtda boʻlib oʻtdi. Prezident Tramp va uning rafiqasi Melaniya paradga shaxsan tashrif buyurib, tadbirni tribuna orqali kuzatdi hamda nutq soʻzladi.
Mahalliy OAV xabarlariga koʻra, paradda 6600 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, 50 ta harbiy vertolyot va “M1 Abrams” jangovar tanklari ishtirok etdi. Shu munosabat bilan shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Tomoshabinlar orasida Amerika bayroqlari koʻtarilgan boʻlib, koʻpchilikning boshida “Amerikani yana buyuk qilamiz” (“Make America Great Again”) yozuvi tushirilgan qizil kepkalar boʻlgan.
Prezident Tramp harbiy parad doirasida yangi askarlar va armiyaga qaytgan harbiy xizmatchilarni tantanali tarzda qasamyodga keltirdi. U oʻz murojaatida: “Qoʻshma Shtatlar armiyasiga xush kelibsiz! Hayotingizda omad yor boʻlsin”, – deya minnatdorchilik bildirib oʻtdi.
Biroq harbiy tantanalar fonida mamlakatning bir qancha yirik shaharlarida Donald Trampning siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari ham boʻlib oʻtdi. “No Kings” (“Podshohlar kerak emas”) shiori ostida oʻtkazilgan mitinglar Trampning avtokratiyaga moyil siyosati, milliarderlar manfaatini koʻzlash va AQSH demokratiyasining militarizatsiyalashuviga qarshi yoʻnaltirilgan edi. Ushbu noroziliklar aynan prezidentning tugʻilgan kuniga toʻgʻri kelganligi bilan eʼtiborga molik.
Eslatib oʻtamiz, Tramp oʻzining birinchi prezidentlik davrida ham shunday parad oʻtkazishni istagan edi. 2017-yilda u Fransiya prezidenti Emmanuyel Makronning taklifiga binoan Parijda Bastiliya kuni paradini tomosha qilganidan soʻng, AQSHda ham shunday tadbirni tashkil etishni rejalashtirgan. Biroq bunday paradning xarajatlari 90 million dollarga teng boʻlishi aniqlangach, bu reja amalga oshirilmagan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring