Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetdi

17:07 02 Dekabr 2025 Siyosat
121 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun Jizzax viloyatida har bir tumanning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, investorlarga aniq loyihalar paketini taklif qiladigan muhit shakllandi.

Viloyatdagi ulkan salohiyat hisobiga hozirning oʻzida 12 milliard dollarlik 152 ta yirik investitsiya loyihasi portfeli tayyor ekani eʼlon qilindi.

Ular amalga oshirilsa, viloyat sanoat, qishloq xoʻjaligi va turizm sohasida yanada rivojlangan va jozibador hududga aylanadi. Xususan, viloyatning togʻli, suvli va yaylov hududlari bogʻdorchilik hamda turizm boʻyicha, dasht va choʻl yeri koʻp tumanlar esa sanoat boʻyicha yangicha yondashuvlar asosida rivojlantiriladi.

Shuningdek, sanoat zonalaridagi 3 ta direksiya negizida investorlarni kutib olish, ularga hamrohlik qilish, marketing bilan shugʻullanadigan Yagona boshqaruv kompaniyasi tashkil qilinadi.

Ushbu kompaniyaga sanoat zonalarida joylashadigan loyihalarga yerning bozor qiymatida ulushdor boʻlib kirish vakolati beriladi.

Prezidentimiz viloyatda sanoat va investitsiya sohalarini rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetdi.

Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat.

Jizzax shahridagi Texnopark hududida boʻsh turgan 10 ming kvadrat metr binoni sohadagi tadbirkorlarga qulay shartlarda taklif qilish, Sharof Rashidov tumanidagi sanoat zonasining 118 gektar boʻsh hududida ham tayyor bino qurib, loyihalarni joylashtirish muhimligi qayd etildi.

Kelgusi yildan butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50 foizini Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab berish yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?