Jimlik chimmatini yorib chiqqan nur

11:40 08 May 2025 Siyosat
193 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Yoxud Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifidan keyingi oʻylar

1

Xorazm — nafaqat mamlakatimiz yoki mintaqamiz, balki bashariyat tarixida yuksak oʻrin tutadigan oʻlka. Buni bilgan odam biladi, bilmaganlar uni respublikamizdagi oʻn uch maʼmuriy hududning bittasi, deb oʻtib ketaveradi.

Nufuzli manbalarning tushuntirish berishicha, qadimda Katta Xorazm nomi bilan atalgan davlat insoniyat tamadduni taraqqiyotida koʻhna Misr, Bobil, Hind davlatchiligi bilan bellasha oladigan oʻtmishga ega boʻlgan. U asrlar davomida Oʻrta va Kichik Osiyo, Yevroosiyo xalqlarining oʻzaro munosabatlarida muhim vositachi vazifasini bajarib kelgan.

Xorazmda oyoqqa turgan davlatlar nafaqat mintaqamiz, shu bilan birga, Eron, Hindiston, Yevropa xalqlari hayotiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Bu taʼsir faqat iqtisodiy yoki harbiy-siyosiy emas, balki zehniyat omili bilan bogʻliqligi, sivilizatsiyaga daxldorligi bilan yanada ahamiyatliroq edi. Gapimiz asossiz boʻlmasligi uchun shu yerda amerikalik yirik siyosatchi olim, “Markaziy Osiyo va Kavkaz” instituti direktori Frederik Stardan ayni mavzuda bir iqtibos keltiramiz. U yurtimizning qadim madaniyati va ilm-fan, kengroq aytganda, biz bugun birinchi Renessans, deb atayotgan nodir hodisani sharhlayotib bunday deydi: “...800 — 1100-yillar orasida Markaziy osiyolik bu olim, sanʼatshunos va mutafakkirlar pleyadasi mintaqani dunyoning intellektual markaziga aylantirdilar. Ularning taʼsir doirasi Sharqiy Osiyo va Hindistondan Yevropa va Yaqin Sharqqacha taralgan edi”.

Darhaqiqat, Xorazm, bugungi “siyosiy til”da aytganda, oʻz davrining madaniy, siyosiy-iqtisodiy dominant oʻyinchisi — aktori va munosib qudrati (“derjava”) boʻlgan. Uning hududi Amudaryoning quyi qismidan Janubga tomon Murgʻob va Tajan daryolarining boshlanish qismigacha choʻzilgan.

Bu oʻlka haqidagi dastlabki maʼlumotlar zardushtiylikning asosiy manbasi “Avesto”, Doro I ning Bihistun tosh bitiklari, qadimgi yunon mualliflari, arab geograflarining asarlarida uchraydi. Masalan, “Avesto”ning “Yasht” qismida Xorazm “Ming irmoqli daryo”, “Koʻllar va oʻtloqlarga boy oʻlka” sifatida madh etiladi.

Abu Rayhon Beruniy oʻzining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday yozadi: “Xorazmliklar Xorazmga odamlar joylasha boshlaganidan tarix olar edilar. Bu Iskandardan 980-yil ilgari boʻlgan edi. Undan keyin Siyovush ibn Kaykovusning Xorazmga kelishidan, Kayxusrav va uning naslining Xorazmga podshohlik qilishlaridan tarix oldilar. Shu vaqtda Kayxusrav Xorazmga koʻchib, turk podshohlari (ustidan) hukmronligini yurgizgan edi. Bu voqea Xorazmga odam joylashishidan 92-yil keyin boʻldi”.

Bu shuni koʻrsatadiki, uch ming yil oldin ham Xorazmda bizning ajdodlarimiz yashagan va bu yerlarda davlatchilik madaniyati boʻlgan. Misol uchun, Gerodot qadimda Oks (Amu) daryosi boʻylab 360 dan ziyod sunʼiy sugʻorish inshootlari barpo etilgani haqida yozib qoldirgani fandan maʼlum. Bundan tashqari, dastlabki shaharsozlik timsoli boʻlgan shahar-qalʼalar — Qalʼaliqir, Koʻzaliqir, Jonbosqalʼa kabi olis oʻtmishdan soʻzlovchi arxeologik inshootlar Xorazm vohasidagi qadimiy davlatchilik belgilari, desak, hech adashmagan boʻlamiz.

Bu oʻtmish, albatta. Ammo kelajak doim tarix ustiga qurilishini hisobga olsak, Xorazmning asl salohiyati, shuhrati va qudratini his qilamiz. Ammo, taassufki, koʻpchiligimiz zamonlar shiddati dunyoga dovruq solgan bu diyorni oʻtmish sahifalaridan siqib chiqarishga harakat qilganiga ham guvoh boʻldik. Olis tarixni qoʻyib turaylik, kechagi kunlarimizda ham “Xorazm” soʻzi siyosiy diskurslardan “chekinib”, maishiy gurunglardagina ishlatiladigan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining komponenti — tarkibiy qismi darajasiga tushib qolganiga koʻpchiligimiz shohidmiz.

Men yaxshi eslayman, mustaqilligimizning oʻtgan deyarli 25-yilida vohadagilar “izchil islohot”lar haqida gap ketganda, eski Pitnak, hozirgi Tuproqqalʼa tumanidagi “Damas” avtomobillari yigʻiladigan chogʻroqqina zavod haqida gapirishardi, xolos. Ayniqsa, muxbirga roʻbaroʻ kelib qoladigan masʼul yoki faolga bunday paytlarda qiyin boʻlganini tasavvur qilsa boʻladi. Chunki mustaqillikni ulugʻlovchi koʻrsatuv yoki maqolani jimjimador qilib “bezab chiqish”ga shu zavoddan tashqari arzirli bir gap topib gapirishning oʻzi qiyin edi. Ehtimol, shuning uchun ham bundan 7-8-yil avvalgi Xorazm haqidagi koʻrsatuv yoki maqolalarni kuzatsangiz, gap, asosan, vohaning tarixi, sanʼati haqida ketardi...

Bugun esa bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga havas qilmaydigan odamning oʻzi yoʻq.

2

— Viloyatimiz uzoq yillar eʼtibordan chetda qolgani bor gap, — deydi xorazmlik oqsoqol, Xorazm viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Rustam Sultonov. — Men birovga malomat qiladigan yoshda emasman. Bu yil 87 ga kirdim. Bir gapni ochiq aytaman, eʼtibor berilmagan, nazardan chetda qolgan odam ham, joy ham, jaydarichasiga aytganda, koʻkarmaydi. Buning isbotini biz koʻrdik. Uzoq paytlar viloyatimiz markazning nazaridan chetda qoldi. Buni tirik jon borki, his qildi. Jamoatchilik orasida aralashib yurganim uchun yaxshi bilaman, 5-6-yillab bu yerga markazdan, hatto nufuzliroq toʻrt-besh vazir kelganini eslay olmaymiz. Goʻyoki biz unutildik, hammaning esidan chiqib qoldik...

Oqibat nima boʻldi, koʻzimiz bilan koʻrganimiz — viloyatning ham, aholining ham shoʻri quriy boshladi. Bir tasavvur qiling, aniq bir dushman yoʻq, hech kim sizni “yomon koʻraman” deb ochiq yoki rasmiy ravishda gapirmaydi, ammo ahvol haligidaqa. Hammamiz, siz ham yaxshi bilasiz, mustaqilligimizning ilk yillarida iqtisodiy “krizis” boʻlib, odamlarning turmush darajasi tushib ketdi. Ishlay desang, ish yoʻq, odamga oʻxshab yashashga sharoit yoʻq. Ammo keyin-keyin ahvol oʻzgardi, haqiqatniyam aytib qoʻyishimiz kerak, albatta. Baʼzi viloyatlardagi aholining turish-turmushini koʻrib-eshitib, ochigʻi, havas qilardik.

Aytmoqchi boʻlgan gapim — Xorazm oʻsha “krizis”ning ogʻir botqogʻida botib qolganday edi goʻyo. Keyin nima boʻldi deb soʻrasangiz, uning asoratlari yanada ogʻriqliroq boʻldi. Odamlar qishloq-qishloq, mahalla-mahalla boʻlib chetga — mardikorlikka chiqib ketdi. Ovul-u shaharlar huvillab qoldi. Erkaklarning bari tirikchilik uchun ketgach, mahallalarda chol-u kampirlar, ayollar va bolalar qoldi.

Sizga dahshatli bir hodisani aytaman. Mayli, oʻzimizniki boʻlsa-da, uyalmayman. Chunki bu haqiqat! Qaysi bir yillari Xiva tumanidagi Qosma qishlogʻida janoza boʻladi. Mayitni tobutga joylagach, uni koʻtaradigan bitta boʻlsin erkak topilmaydi...

Endi ayting, xalq uchun bundan ortiq yana qanday sitam boʻlishi mumkin?! Hatto urush yillarida ham bunday boʻlmagan, deb oʻylayman...

Odamlar sharoit boʻlmaganidan keyin issiq joylarini, Vatanlarini ham tashlab ketishga majbur boʻlarkan. Axir hammayam bolam-chaqam deydi. Mardikorlikdan tashqari, bizda koʻp odamlar uylarini tashlab, boshqa viloyat va shaharlarga ham koʻchib ketdi. Mana, masalan, men koʻp eshitaman, Toshkent atrofidagi hududlarda hozir xorazmliklar ancha koʻpaygan. Toʻgʻri, buning yomon joyi yoʻq — Vatan hammamiz uchun bitta. Ammo bu yerda gap boshqa masalada. Ketayotgan odam qishlogʻi yo ovulida koʻrayotgan kunidan roziligi uchun ketayotgani yoʻq... Men hech kimni yomon demagan, oʻtgan kunlarni qoralamagan (chunki u kunlar ham bizning tariximiz) holda bir gapni sizga ochiq aytaman. Mendan yaqinlarim, hatto nabiralarim Shavkat Mirziyoyevni nega buncha yaxshi koʻrasiz, deb soʻrashadi. Javobim bitta: bu odam Xorazmning gʻururini, shaʼnini qaytardi, deyman.

Oʻzingiz oʻylang, davlat tepasiga kelganiga yetti yil boʻlgan boʻlsa, Xorazmga bu galgisi, adashmasam, oʻn ikkinchi safari boʻladi. Yana har kelganida quruq qoʻl bilan emas, shu elga naf beradigan, odamlarimizning turmushini farovonlashtiradigan taklif va tashabbuslar bilan keladi. Trillionlab mablagʻlar, chet ellik hamkorlarni bu yoqqa olib kelib, viloyatimiz obodligi, odamlarimiz farovonligi uchun ishlatish oʻzidan oʻzi boʻladigan ish emas-ku!

Men Shavkat Miromonovich Xorazmning shaʼn-u shavkatini qaytardi, deganimda yana bir chuqur oʻyni xayolimdan oʻtkazdim. Bu — vohaning tarixi, qadriyatlari, madaniyati va sanʼati bilan bogʻliq. Bu inson 2022-yilda Urganchda Jaloliddin bobomizning juda ulkan haykalini oʻrnatib, uning poyida soʻzlaganda koʻziga yosh olmagan asl Xorazm farzandi qoldi, deb oʻylaysizmi?! Holbuki, Jaloliddinning nomi ham, jasorati ham necha asrlardan buyon bor edi. Vatanimizning bu yovqur oʻgʻloni koʻrsatgan jasorat nafaqat Xorazmning, balki mintaqamiz, qolaversa, butun turkiy dunyoning faxri edi.

Ana shu koʻmilib yotgan javohir, tarixning sindirib boʻlmas adolatini kim tikladi? Shavkat Mirziyoyev! Shuncha ishni qilgan vatandoshimni, Yurtboshimni qanday yaxshi koʻrmasligim mumkin, axir?!

3

Ochigʻi, oqsoqolning gaplari meni juda taʼsirlantirdi.

Toʻgʻri, Prezidentimiz bu yerda olib borayotgan kompleks ishlar boʻyicha, ozmi-koʻpmi, xabarimiz bor edi. Ammo koʻpchilik qatori bu ishlarga faqat viloyatning maishiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash sifatida qaraganim xato ekanini shu suhbatdan keyin tushundim. Shavkat Miromonovich masalaning ichiga chuqurroq kirgan ekan. Yaʼnikim xalqning roʻzgʻorini butlash bilan birga, uning qadr-qimmati, gʻururini ham joyiga qoʻyish, maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni ham diliga tukkan ekan.

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Shu oʻrinda men Prezidentning “Arda Xiva” ochilish marosimida qilgan nutqidan bir necha iqtibos keltirmoqchiman. Zero, ular mazmun-mohiyatiga koʻra, hozir mulohaza qilayotgan fikrlarimizni baholi qudrat qoʻllab-quvvatlaydi.

Mana, ular:

“Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qoʻshgan Sharq gavharidir. Bu koʻhna yurt jahonga dongʻi ketgan ne-ne olim-u fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar Vatanidir.

Ilm-maʼrifat mashʼallari boʻlgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, vatanparvarlik timsoli boʻlgan Najmiddin Kubro va Jaloliddin Manguberdi singari ulugʻ zotlar xalqimizning faxr-u iftixoridir...”.

“Biz ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy-maʼnaviy merosni asrab-avaylash, boyitish va dunyoga keng targʻib etishni oʻz oldimizga ulugʻ maqsad qilib qoʻyganmiz. Shu bois Maʼmun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bogʻ «Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan oʻnlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli, boy ijodiy merosi inter-aktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Kuni kecha Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet va IT maktabini tashkil etish boʻyicha alohida qarorni imzoladim. Aminmanki, bu taʼlim dargohlari boʻlgʻusi xorazmiylar, beruniylar bilim oladigan oʻquv maskanlariga aylanadi”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangragan ayni soʻzlar qadim Xorazmning buyuk tarixi, oʻz davrida insoniyat yoʻlini yoritgan intellektual salohiyatining haqli maʼnoda eʼtirof etilishini, bu nodir neʼmatlarga hurmat bajo keltirilishini anglatadi, albatta. Ushbu mulohazalar tasavvurimda bir manzarani paydo qiladi. Bu bugungi yangi dunyoda qadim diyorning maʼnaviy jihatdan qayta kashf etilishi, tugʻilishi bilan bogʻliq oʻy-fikrlardir.

Men soʻzimning avvalida Frederik Star maqolasidagi iqtibosni bejiz keltirmadim. Amerikalik olim ayni soʻzlari bilan bu oʻlka xalqlari oʻz aql-idroki, zakosi bilan vaqtida dunyoni izmiga boʻysundirgan, ortidan ergashtirolgan, biroq hozir bu yerlarda sahroning ogʻir bir sukunati hukmron, ammo vaqt keladiki, bu choʻkkan “jimlik chimmatini”ni bir kun yana kuch-qudrat salobati, ilm-u ziyo nuri yorib chiqadi, faqat buning uchun tarixiy zarurat va kuchli bir shaxsning qatʼiyati kerak, degan fikrga ishora qiladi.

Bugun biz yana bir narsadan shodlanishimiz kerakki, oʻsha kunlar keldi. Muhtaram Shavkat Mirziyoyev bugun oʻz gʻayrat-u shijoati, qalbidagi shu xalqqa boʻlgan soʻnmas muhabbati bilan ayni tarixiy “jimlik”ni buzishga, soʻngan chiroqlarni qayta yoqishga, oʻtmishda bobolarimiz zabt etgan manzillarni qayta egallashga barchamizni ilhomlantirmoqda, desam, toʻgʻri aytgan boʻlaman.

4

Men Xorazmning bugungi zamon adiblari orasida mashhur shoirimiz Omon Matjonning nomini alohida tilga olaman. Uning “Quyosh soati” nomli kitobiga kiritilgan bir sheʼri meni mudom ham oʻyga toldiradi, ham fikriy hassosligi jihatidan hayratlantiradi. Oʻsha sheʼrda shoir “Nega Xorazmda togʻlar yoʻq?” degan savolni oʻrtaga qoʻyib, “Xorazmda togʻlar yoʻq emas, bor. Xorazm togʻlari vohani tongda quyoshdan toʻsib qoʻymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi! Va ular — Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir”, deya javob beradi.

Ushbu sheʼrni men ayni damda bekorga yodga olmadim. Zotan, isteʼdodli shoirimiz oʻz asarida Xorazmning togʻlari sifatida tizib chiqqan roʻyxatga bugun biz cheksiz Qurur va iftixor bilan yana bir togʻ — vohaning tarixiy qalbini, shavkatini, shonini qayta tiklayotgan Shavkat Mirziyoyev nomini ham qoʻshib qoʻysak, ayni haqiqat boʻladi, deb oʻylayman. Buning uchun maʼnaviy asos boʻlib xizmat qiluvchi mulohazalarni yuqorida aytib oʻtdik.

Shoirning bir vaqtlar yozgan sheʼrini tahrirlash uchun boshqa asoslarimiz ham bor. Bu, oʻlkada bugun kechayotgan obodonchilik, yaratuvchilik, elni rozi qilish yoʻlidagi xayrli tashabbuslar bilan bogʻliq mulohazalardir. Ayni zamonda Qizilqum va Qoraqum sahrolariga tutash zaminda ulkan yaratuvchilik ishlari amalga oshirilmoqdaki, buni, albatta, viloyatga kelgan odam ostonadanoq payqaydi.

Ostona, deb shartli maʼnoda atayotganimiz — Urganch xalqaro aeroporti va uning biqinida qad rostlayotgan Al-Xorazmiy shaharchasi bu gapimizga arzirli misol boʻla oladi.

Men Urganchga juda koʻp borganman va aeroportida ham koʻp boʻlganman. Ammo uning biqinida shunday muhtasham shaharcha bunyod etiladi, degan fikr hech mahal xayolimga kelmagan. Bugun bu yerda nafaqat shaharcha bunyod etilayotir, balki aeroportning oʻzi ham qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Koreya Respublikasining “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi umumiy qiymati 223 million AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida katta hajmdagi ishlarni boshlab yuborgan. Bundan maqsad bitta: viloyatda turizm salohiyatini oshirish, xalqimizga namunali aviatsiya xizmatlari koʻrsatish.

Qolaversa, yuqorida aytganimizdek, aeroport biqinidagi 130 gektardan ziyod hududda muhtasham shaharcha bunyod etiladi. Yaʼni bu yerda kelgusida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bogʻchalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar boʻladi. Shaharcha markazida ulugʻ bobomiz Al-Xorazmiyning qariyb 31 metrdan iborat muazzam haykali oʻrnatiladi.

Ayni vaqtga qadar ushbu hududda 72 ta koʻp qavatli uy qurilib, 1 773 ta xonadon aholi ixtiyoriga topshirildi. Bu yil yana 1000 xonadonli 28 ta turarjoy qurilishi belgilangan. Yaqin istiqbolda ularning soni 5 mingdan ortadi.

Aslida sayyohlarning ilk taassuroti aeroportdan shakllanadi. Binobarin, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish, uning yon-atrofida zamonaviy tipdagi intellektual hududni barpo etish voha ahliga qulaylik yaratibgina qolmay, havo kemalarida Xorazmga, demakki, Oʻzbekistonga uchib kelayotgan mehmonlarning mamlakat haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash zarur: bugun Xorazm ahli va mehmonlariga yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar faqatgina viloyatning ramziy ostonasi — aeroport boʻsagʻasida qolib ketgani yoʻq. Uning jadal va ilhombaxsh surʼatlari viloyatning barcha soha va jabhalarida oʻz aksini koʻrsatyapti.

Xususan, voha ahlining asriy orzu- umidi boʻlgan temir yoʻl transport-kommunikatsiya tizimi Prezidentimizning faol saʼy-harakatlari bilan izchil roʻyobga chiqa boshladi. Birgina Shovot — Gurlan — Qipchoq temir yoʻlining ishga tushirilishi natijasida Rossiya hamda Qozogʻistondan yuklarni tashish masofasi 240 kilometrga, vaqti esa 6 soatga qisqardi. Buxoro — Urganch — Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish muvaffaqiyatli yakunlandi. Kelgusida Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, Toshkent — Xiva yoʻnalishida qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Natijada Toshkentdan Xivaga borish uchun oddiy poyezdda sarflanayotgan 14 soatlik vaqt 7 soatgacha, yaʼni ikki barobar qisqaradi.

Viloyatda temir yoʻl transporti bilan birga, ichki yoʻnalishlardagi jamoat transportining ham xizmat sifati yaxshilanib boryapti. Masalan, oʻtgan yili Xitoyning “Zhongtong” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi. Ushbu avtobusning sigʻimi 70 kishilik boʻlib, Wi-Fi va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan hamda nogironligi borlar va keksalar uchun ham qulay. Eʼtiborlisi, bunday sharoitlar transport yetishmovchiligi va koʻchalarda tirbandlikning oldini olib, fuqarolarning erkin harakatlanishiga xizmat qilmoqda.

Albatta, bu hali hammasi emas. Viloyatda tadbirkorlarga yaratilayotgan mislsiz imkoniyatlar tufayli yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan birga, yakka tartibdagi ishbilarmonlar, oʻzini oʻzi band qilgan aholi soni ham kundan-kunga ortib bormoqda.

Mebelsozlik shular jumlasidan. Bugungi kunda viloyatda 300 dan ortiq korxonalar shu faoliyat bilan shugʻullanadi. Sohadagi yakka tartibdagi tadbirkorlar 200 dan ortiq, 1 ming 300 dan ziyod aholi oʻzini oʻzi band qilgan. Lekin ularning koʻpchiligi tor joyda, noqulay sharoitda ishlardi.

Hozir esa sharoit butunlay oʻzgardi — davlatimiz rahbarining mebel sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, Xonqa tumanidagi 10 gektar yerda mebel mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, koʻrgazma va savdo obyektlarini oʻz ichiga olgan sanoat zonasi tashkil etildi. Pirovardida bu yerda Germaniya, Italiya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar oʻrnatilib, qiymati 10 million dollardan iborat 61 ta korxona faoliyat boshladi. 650 kishi esa ish bilan taʼminlandi.

Aytish joizki, sanoat zonasida energiya samaradorligiga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Muhimi, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yoʻnaltirilib, 3 million dollardan ziyod eksport qilinishi moʻljallangan.

Meni Xorazmda ilhomlantirgan eng muhim voqealardan biri — Prezidentimizning Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xoʻjaligi rahbari Oyimjon Otajanova bilan uchrashgani boʻldi. 73 yoshga kirsa-da, yer bilan “tillashish”dan, “dillashish”dan aslo charchamagan bu ayol, aytish mumkin boʻlsa, Yurtboshimiz ilgari surgan tashabbus — tomorqachilik siyosatining yorqin namunasi, desam, yanglishmagan boʻlaman.

Prezidentimizning mashhur bir iborasi bor. U kishi uzoq yillar amalga oshmay yotgan tashabbuslar ijobatini koʻrganda, odatda, koʻngli quvonchga toʻlib, shu iborani qoʻllaydi: qilsa boʻlar ekan-ku! Men opaning gʻayrati, xoʻjaligidagi ishlar koʻlami va unumini koʻrganimda shu gap xayolimda jonlandi. U bugun oʻz xoʻjaligiga qarashli 3 gektar maydonda mevali va manzarali daraxt koʻchatlari yetishtiradi. Yana ikki gektarida bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Qolaversa, 12 sotixli issiqxonada 40 turdagi gul koʻchatlarini parvarish qiladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan taʼminlangan boʻlib, uning har bir boʻlimida koʻchatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan.

Sergʻayrat bu ayol yiliga 50 ming tupdan ortiq koʻchatlar oʻstirib, sotuvga chiqaradi. Hozir ular qoʻshni hududlar, Qozogʻiston va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda. Yillik daromad yomon emas — naqd bir milliard soʻm!

Fidoyi mirishkorning yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashdagi hissasi ham katta ekan. Hozirgacha uning 200 dan ortiq shogirdlari bor. 300 nafar ishsiz fuqaroga koʻchatchilik sir-sinoatlarini oʻrgatib, mahallasidagi 70 foiz xonadon bilan kasanachilikni yoʻlga qoʻygan.

Shu oʻrinda bir gapni aytay, Oyimjon opa yordamida bugun hayotda oʻz yoʻlini topgan oʻnlab xotin-qizlar bor. Ularning aksariyati bir paytlar xorijga mardikor sifatida chiqib ketib, qiyin ahvolga tushib qolgandi.

Endi bir oʻylang, Xorazmda Oyimjon opadek ayollar, insonlar bittami? Yoʻq, ular koʻpchilikni tashkil qiladi. Oʻnlab-yuzlab yaratilayotgan yangi ish oʻrinlariga ishsiz aholi qamrab olinmoqda. Ha, bugun xorazmliklar asta-sekin olis oʻlkalardan yurtga qaytmoqda. Prezidentimiz siyosatidagi insoniy prinsiplarning asl oʻzaklaridan biri ham shu aslida.

5

Buyuk renessanslar madaniyatlararo muloqotlar orqali hosil boʻladigan hodisa, deyishadi olimlar. Bu, bor gap.

Tariximizni qarasak, oʻtmishda yuz bergan ikki Uygʻonish davri ham rivojlangan davlatchilik pallalariga toʻgʻri keladi. Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Vatanimiz qachonki, savdo-sotiq, turizm, bordi-keldilarga ochiq boʻlgan zamonlardagina bu hodisa yuz koʻrsatgan. Chunki bu oʻlkaga kelayotgan savdogar ham, sayyoh ham, hech shubhasiz, oʻzi bilan birga oʻz madaniyatini olib keladi yoki aksincha. Shuning uchun ham bugun Prezidentimizning dunyo davlatlari bilan olib borayotgan doʻstona munosabatlari, turizmga rivojlanishimizning asosiy drayveri sifatida baho berayotganining asl sabablari shu yerda, desak, toʻgʻri boʻladi, nazarimda.

Xorazm ham mamlakatimiz turizm gavharlarining bir shodasi. Shuning uchun keyingi yillarda viloyatda ayni sohaga yuksak eʼtibor qaratilayotir va yutuqlar ham yomon emas.

Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrdagiga nisbatan 30 barobar koʻpayganida ham koʻrish mumkin. Sohadagi oʻzgarishlar hisobiga bugun viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017-yildagi 7 million dollardan oʻtgan yili 380 million dollarga yetdi.

Tasavvur qilyapsizmi, oʻrtadagi farq 8-yil ichida qariyb 55 baravar ortgan. Albatta, bu raqamlar qanday zahmatli saʼy-harakatlar evaziga zohir boʻlayotganini barchamiz koʻrib, bilib, his etib turibmiz. Binobarin, bugun koʻhna kent ichra qad rostlagan yana bir betakror shahar — “Arda Xiva” ana shu saʼy-harakatlarning mahsulidir, desak, sira xato boʻlmaydi.

Esimda, ilgari Xorazm turizmi haqida gap ketganda koʻpchilikning xayoliga faqatgina Ichan qalʼa kelar edi. Biroq keyingi vaqtlarda bu boradagi tasavvurlar butunlay oʻzgardi. Viloyatda turizmni rivojlantirishga alohida strategik yoʻnalish sifatida qaralib, tarix va zamonaviylikni oʻzida mujassam etgan yirik turistik majmualar barpo qilindi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yoʻnalishlar ishlab chiqilib, ularning soni yuztaga yetkazildi.

Darvoqe, “Arda Xiva” oʻzida tarix va bugunni uygʻunlashtirgan meʼmoriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi. U 25 gektarlik past unumli, shoʻrxok maydonda qurilgan boʻlib, uning meʼmoriy yechimi Ichan qalʼanikiga oʻxshab ketadi. Faqat ularni bitta farq ajratib turadi — bunyod etishga ketgan muddat. Hammamiz yaxshi bilamizki, Ichan qalʼa xonliklar zamonida asrlar davomida qurilgan. “Arda Xiva” esa atigi 9 oyda barpo etildi.

Yiliga 3 million nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming oʻrinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, koʻrgazmalar pavilyoni, 70 ta doʻkon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil boʻyi yoʻlagi bor. Ayniqsa, uning bir tomoni 150 gektarlik Hovuk koʻlga tutashib ketgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador koʻrsatishga xizmat qiladi. Prezidentimiz taʼbirlari bilan aytganda, “Ichan qalʼa” tarixiy boʻlsa, “Arda Xiva” Xorazmning zamonaviy “tashrif qogʻozi” boʻladi.

Maʼlumot uchun aytish oʻrinliki, yaqin istiqbolda Xiva tumanida “Arda Xiva” singari yana bir majmua — “Sahro yulduzi” nomli yangi turistik kompleksni barpo etish rejalashtirilgan. Unda mehmonxonalar, koʻngilochar markazlar, gastronomik va savdo koʻchalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm joylari boʻladi.

Shuningdek, Tuproqqalʼada choʻl hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qoʻshkoʻpir, Xiva va Hazoraspdan oqib oʻtadigan Hazovot, Polvon, Shovot kanallari boʻylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat koʻrsatish, savdo-koʻngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bogʻot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanlarida turizm qishloqlari tashkil etiladi. Qisqasi, bularning barchasi viloyat turizmi rivojida yangi sahifa ochishi aniq.

Xorazmga tashrifi davomida davlatimiz rahbari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ham belgilab berdi. Xususan, vohaning eng chekka tumani — Tuproqqalʼada yirik gaz-kimyo majmuasi, Hazoraspda kimyo, Qoʻshkoʻpirda “Oʻzbekiston — Xitoy” texnoparklarini qurish, shuningdek, Tuproqqalʼadagi avtomobil zavodida “Yevro-5” standartiga javob beradigan avtomobil ishlab chiqarish, iqtisodiyot sohasida esa yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion soʻmdan oshirib, 265 ming aholini ish bilan taʼminlash, 104 ming odamni kambagʻallikdan olib chiqish vazifasi qoʻyildi.

Albatta, statistika — bu statistika, deb qaraydigan odamlar bugun ham oramizda bor. Ammo uning hayotdagi aksini koʻrganda hech kim bu maʼlumotlarni rad etolmaydi. Bugun Xorazm vohasidagi hayot ritmi shunday ishonch ustiga qurilmoqda. Shahar-u qishloqlar, ovul-u mahallalarda odamlar gavjumlashmoqda, yoʻqotilgan ishonch tiklanmoqda. Muhimi, odamlarimiz buni oʻz turmushlarida his etishmoqda.

Maqolamizda viloyat oqsoqoli Rustam ogʻaning gʻamgin hikoyasini keltirgan edik. Ammo u biz aytmoqchi boʻlgan mulohazalarning leytmotivi emasdi. Bu fikrni u kishining oʻzlari ham “men oʻtgan zamondan yoki kimdandir malomat qilmayman”, degan mazmunda aytib oʻtdi. Bizning asosiy va qayta-qayta takrorlamoqchi boʻlgan fikrimiz shunda ediki, buyuk ishlarni faqat buyuk qalb egalari qila oladi.

Ayni oʻylarimizni Prezidentimizning Xorazmga tashrifi davomida gurlanlik oʻqituvchi, Oʻzbekiston Qahramoni Anor Mahmudova obrazli tarzda juda chiroyli ifoda etdi: “Oʻzbekistonimizning mehr quyoshi, Prezidentimiz bugun biz bilan birga”.

Buyuklarimizdan qolgan bir gap bor: xalq oʻz qahramonlarini taniydi va sevadi!

Ha, shunday!

Qudratilla RAFIQOV,

siyosatshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер