Zaharli tutunni tutib boʻlmaydi, aybdorlarni-chi?

Shu yilning 19-iyul kuni tong payti Navoiy shahri osmonini changga oʻxshash qalin tutun qopladi. Oltmish yildan buyon bir qator sanoat korxonalarining atmosferaga chiqarayotgan tashlanmalari ostida yashayotgan navoiyliklar ushbu tutun boshqacha ekanligini darhol farqlashdi. Sababi tutun oʻtkir hidli boʻlib, kishida yoʻtal qoʻzgʻatardi. Aholi eʼtirozi va noroziliklari oʻzaro suhbat, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylandi.
Holat haqiqatda jiddiy boʻlganligi uchun viloyat hokimi rahbarligida shu kunning oʻzida tegishli masʼullar bilan muhokama qilinib, prokuratura, viloyat Favqulodda vaziyatlar, viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalari, mutasaddi idoralar, shuningdek, deputatlar va jamoatchilik faollaridan iborat ikkita mustaqil ishchi guruh tuzildi. Oʻrganish ishlari olib borilib, qator rasmiy munosabatlar berildi. Ehtiroslar jilovlanib, oʻrganish natijalari hali eʼlon qilinmasidan holat yana takrorlandi.
“Tahlillarga koʻra mazkur holatlarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirib, 3 mingdan ortiq post va sharhlar yozilgan. 50 ga yaqin tarmoqlarda holatlarni aks ettiruvchi videolar sizdirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Sizdan Navoiy shahri va shahar atrofida ekologik holatni yaxshilash, kelgusida aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan oq changsimon tutunni atmosfera havosiga koʻtarilishini oldini olish va bu holatlarni jamoatchilik yetkazish hamda deputatlar oldida hisobot berishini taʼminlash maqsadida Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan boshqarma boshligʻining hisobotini Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibi muhokamasiga kiritishda amaliy yordam berishingizni soʻrayman”, deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati hududiy boʻlinmasi rahbarining xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashiga kiritgan xatida.
Vaziyat va oʻrganishlar natijasi xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining XV sessiyasi kun tartibiga kiritilib, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Rustam Ergashev hisoboti tinglandi.
—Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan guruhlar asosan, I va II toifalardagi korxonalarda oʻrganishlar olib bordi, — deydi R. Ergashev. — Oʻrganishlar jarayonida belgilangan ekologik tartib 22 ta korxonada qoʻpol ravishda buzilganligi hamda betartib chiqindixonalar yaratilganligi aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etguncha mazkur korxonalar faoliyatini toʻxtatib turish boʻyicha qaror qabul qilindi. Shuningdek, 19 ta korxona faoliyatini toʻxtatish boʻyicha sudga daʼvo arizalari kiritildi.
Bundan tashqari “Navoiy azot” AJ korxonasi faoliyati oʻrganilganida, korxona hududida hosil boʻlgan chiqindilarni belgilanmagan joylarda saqlanishi holatlari aniqlandi. Shuningdek, qurum, yaʼni “saja” chiqindisi yoqib yuborilganligi natijasida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilganligi aniqlanib, aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining oʻrinbosari hamda 56-sex boshligʻiga nisbatan tegishli tartibda chora koʻrish maqsadida toʻplangan materiallar sudga yuborildi.
Oʻrganishlar jarayonida “Elektrokimyo zavodi” AJ hududida faoliyat olib borayotgan “Sogda kimyo zavodi” MCHJda ishlab chiqarish faoliyati uchun ekologik xulosasi mavjud boʻlmaganligi sababli 10 kun muddatga toʻxtatilib jamiyat raisiga nisbatan chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar sudga yuborildi. (Sud qarori bilan atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun korxonaga 7,38 mlrd. soʻm jarima belgilandi).
Shuningdek, xulosasiz ish yuritgan, atmosferaga nazoratsiz moddalar chiqargan “Ferrosplav” MCHJ hamda belgilangan meʼyorlarni buzgan — vodorod sulfidi 40 barobar, ammiak 7 barobar meʼyordan ortiq boʻlgan “Zarafshon industrial technology” MCHJ faoliyati toʻxtatildi va 10 kunlik muhlat ichida kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi.
Joriy yilning 24-iyul kuni tungi vaqtda oʻtkazilgan tezkor monitoring nazorat tadbirlarida Karmana tumanining togʻ hududlarida fuqarolarga tegishli 24 ta noqonuniy qozonxonalarda ohak pishirib, ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi. Qonunbuzarlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari belgilanib, toʻplangan materiallar sud idoralariga yuborildi va xumdonlar buzib tashlandi.
Rustam Ergashev Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarida atmosfera havosidagi vaziyatni halokatli (“katastroficheskiy”), deya baholab, uning oldini olish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator chora-tadbirlarga toʻxtalib oʻtdi. Ushbu tadbirlar boʻyicha hali ish qilinmaganligi sababli ularga batafsil toʻxtalib oʻtirmaymiz. Biroq ushbu halokatli vaziyatni yuzaga keltirgan korxona qaysi, u atmosferaga chiqargan chiqindining tarkibi nimadan iborat, unda “Navoiy azot”ning aybi qancha?
— Korxonamiz oltmish yildan buyon faoliyat koʻrsatib keladi, — deydi “Navoiy azot” AJ boshqaruvi raisi Farrux Samadov. — Toʻgʻri, bundan sakkiz yil oldin korxonamiz atmosferaga tashlayotgan chiqindi gazlar miqdori ancha yuqori edi. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan korxonamizga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilib, atmosferaga chiqindilar chiqarayotgan, 1964-1971-yillarda qurilgan sexlarimizning 72 foizi toʻxtatildi. Qolganlari ham PDK (Potensialno dopustimыy konsentratsiya), yaʼni tashlanmalar miqdoriga olingan xulosalarga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyat yuritmoqda. Yana bir jihatga eʼtibor qaratish kerakki, korxonamiz atmosferaga chiqarayotgan tashlanmalar asosan, ammiakli birikmalardan iborat. Yaʼni havodan ancha yengil, shu sababdan yerga qarab harakat qilmaydi. Ushbu vaziyatga olib kelgan tashlanmalar esa, tahlillar boʻyicha Oltingugurt 2, oltingugurt 4, Oltingugurt 6 oksidlari hamda xlorid, xlor-vodorod birikmalaridan iborat. Bu gazlar massasi havodan uch baravar yuqori boʻlganligi hamda tong payti namlik yuqori boʻlganligi sababli reaksiyaga kirishib, tuman hosil qilish xususiyatiga. Mana shu birikmalarning katta miqdordagi konsentratsiyasi shahar va boshqa hududlarga tarqalayotganini kameralarimiz orqali kuzatib taqdim etdik.
Xullas, mazkur vaziyatning asosiy aybdori hozircha aniq emas. Kimdir uni iqlim oʻzgarishi, soʻnggi yillarda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan kimyo korxonalari, baʼzilar esa hatto shahardagi 130 dan ortiq umumiy ovqatlanish nuqtalarining koʻmirdan foydalanishi bilan bogʻlashmoqda. Mutasaddi idoralar bu boradagi noaniqlik va turli gumon va shubhalarga mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 31-mayda qabul qilingan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosidan yechim izlash kerakligini taʼkidlaydilar.
Mazkur hujjatning 9-bandida atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini sifatli olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan grafikka asosan 2026-yil 1-yanvarga qadar atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, 2026-yil 1-iyulga qadar – II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga atmosfera havosiga ustuvor turgʻun (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini oʻrnatish majburiyati yuklatilgan. Ushbu turdagi stansiyalar atmosfera havosining ifloslanishini kuzatish va tahlil qilish uchun oʻrnatiladi. Ular atmosferaga chiqayotgan zararli moddalarning miqdorini aniqlab, atrof-muhitga taʼsirini baholash imkonini beradi. Bundan koʻzlangan maqsad esa atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi manbalarni nazorat qilishdir.
Navoiy viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi rahbariyatining soʻzlariga koʻra, bu stansiyalar atmosferaga chiqayotgan turli zararli gazlar va moddalarni aniqlab, ularning miqdorini oʻlchaydi. Ular I va II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oʻrnatilgach, vazirlikka integratsiya qilinadi. Yaʼni, ekologlar qaysidir zavod havoga belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda zaharli gaz yoki modda chiqarsa, stansiya uzatgan maʼlumot va signaldan bilib olishadi. Hozircha esa, jamoatchilik nazoratidan foydalanishni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Darvoqe, sessiyada muhokama etilgan masalani maʼlumot va chora-tadbirlar yuzaki boʻlganligi sababli Kengashning keyingi yigʻilishlarida qayta koʻrib chiqishga qaror qilindi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring