YUNESKO bilan xalqaro taʼlim makonida hamkorlik
Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida YUNESKOning “Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya”ni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinishiga bagʻishlangan maxsus taqdimot boʻlib oʻtdi.
Taqdimotda YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Jannini, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, YUNESKOning Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya byurosi raisi Stig Arne Skjerven va boshqalar mazkur konvensiyaning oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, diplomlar va malakalarni oʻzaro tan olish jarayonlarini soddalashtirishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjatning Oʻzbekiston milliy taʼlim tizimiga tatbiq etilishi xalqaro taʼlim makonida mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida 8 ta YUNESKO kafedrasi, mazkur tashkilot bilan uygʻunlashgan 24 ta maktab faoliyat koʻrsatmoqda. Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 2024-yilda “Ipak yoʻli boʻylab barqaror tarixiy turizm” YUNESKO kafedrasi ochildi.

Toshkent va Fargʻonaga shaharlari YUNESKOning global taʼlim shaharlari tarmogʻiga kirgan. Ayni paytda Samarqand va Nukus shaharlarini ham mazkur tarmoqqa qoʻshish borasida ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, tashkilot bilan hamkorlikda 9,6 million yevro qiymatidagi ishga joylashtirish koʻnikmalarini rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida bittadan texnikum qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha jihozlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida texnikumlar pedagoglarini malakasini oshirish boʻyicha markazlar tashkil etilmoqda.
Taʼkidlanganidek, davlatimizning “Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilishi Oʻzbekistonning xalqaro taʼlim hamjamiyatidagi faol ishtirokini namoyon etib, milliy diplomlar va ilmiy darajalarning jahon miqyosida tan olinishi yoʻlida muhim bosqich boʻlib xizmat qiladi.
Tadbir doirasida global konvensiyaga aʼzo va konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida boʻlgan davlatlarning vakillari ham oʻz bayonotlarini taqdim etishdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring