Yoshlar parlamenti aʼzolari va Germaniyaning Junge Union NRW yoshlar tashkiloti vakillari onlayn formatda uchrashuv oʻtkazdi

10:07 16 Yanvar 2026 Siyosat
234 0

15-yanvar kuni Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari Germaniya Federativ Respublikasining Shimoliy Reyn–Vestfaliya federal yerida faoliyat yurituvchi Junge Union NRW yoshlar tashkiloti vakillari bilan onlayn formatda uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida yoshlar siyosati sohasida hamkorlikni rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, fuqarolik taʼlimi, raqamlashtirish jarayonlari, “yashil” energetika, shaharlarni barqaror rivojlantirish hamda xalqaro yoshlar hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muloqot davomida Yoshlar parlamenti hamda Junge Union NRW yoshlar tashkiloti oʻrtasida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum ikki tomonlama hamkorlikni institutsional asosda yoʻlga qoʻyish, yoshlarning siyosiy va jamoatchilik jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy demokratik boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga qaratilgani qayd etildi.

Memorandum doirasida oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish, yoshlar parlamentlarini institutsional rivojlantirish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish hamda hisobdorlik mexanizmlarini shakllantirish boʻyicha hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, yoshlar siyosati sohasida raqamli platformalar va demokratik texnologiyalardan foydalanish, Junge Union NRW bilan qoʻshma trening va seminarlar tashkil etish, raqamli suverenitet hamda davlat boshqaruvini isloh qilishga doir ilgʻor tajribalarni oʻrganish hamkorlikning muhim yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida memorandum ijrosini taʼminlash maqsadida qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?