Yosh olimlarga eʼtibor va ragʻbat

11:55 12 Avgust 2025 Jamiyat
191 0

Fargʻona davlat texnika universitetida innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi hamda startap loyihalar festivali boʻlib oʻtdi. Unda viloyatdagi 9 ta oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, yosh olimlar, talabalar, mustaqil tadqiqotchilar qatnashdi.

Ilm-fan yutuqlari va ishlab chiqarish jarayonini oʻzaro uygʻunlashtirishga qaratilgan tadbirda sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, qurilish va boshqa yoʻnalishlardagi 50 dan ortiq startap loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, yangi kashfiyotlar va amaliy ishlanmalar namoyish etildi.

— Yosh olimlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli soʻnggi yillarda 10 dan ziyod innovatsion loyihalarimiz amaliyotga tatbiq etildi, —deydi Fargʻona davlat texnika universiteti doktoranti Ahadjon Oʻlmasov. — Bugungi tadbirda alohida muhofazalanadigan obyektlar, ijtimoiy soha muassasalari hamda jamoat joylarida xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiluvchi patrul-robot qurilmasi taqdimotini oʻtkazdik. U soatiga 20 km tezlikda harakatlanib, oʻrtacha 5-6 km masofadagi har bir holatni oʻz xotirasida jamlaydi va suratga oladi.

Yakunda saralangan loyihalar respublika miqyosida oʻtkaziladigan “Inno Week – 2025” xalqaro innovatsion haftaligida ishtirok etishi, loyiha tashabbuskorlari investorlar va tadbirkorlik subyektlariga taqdimotlar oʻtkazishi va grant mablagʻlari olishi uchun tavsiya etildi.

Botir MADIYOROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?