Innovatsion hududga aylantirilayotgan tuman (shahar)lar hokimi oʻrinbosarlari Navoiy viloyatida: innovatsion hududlar tajribasi oʻrganildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ikki kunlik ish safarida Navoiy viloyatida boʻlishdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — Karmana va Qiziltepa tumanlarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan tanishish, amaliy tajribani oʻrganish va oʻz hududlarida joriy etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishdan iborat boʻldi.
Mazkur tashrif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Unda hududlarda kichik biznes subyektlari innovatsion faolligini oshirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va taʼlim sohalarida ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish orqali jadal ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga erishish belgilangan.
Bugungi kunga kelib mamlakatimizda 28 ta tuman innovatsion faoliyatning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat olib bormoqda. Karmana tumani ham shunday hududlardan biri boʻlib, bu yerda 2021–2024-yillar davomida umumiy qiymati 19,2 milliard soʻmlik 12 ta loyiha amalga oshirildi. Shundan 11 tasi toʻliq ishga tushirilgan. Shuningdek, Jahon bankining MUNIS loyihasi doirasida qiymati 695 ming AQSH dollariga teng 5 ta loyiha bosqichma-bosqich moliyalashtirilmoqda.
Karmana tuman hokimining innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻtkir Tillayevning taʼkidlashicha, tumanda tabiiy resurslardan foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirish, hamda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish boʻyicha sezilarli yutuqlar mavjud. “Barkamol avlod” maktabidagi yosh innovatorlar klubi va ikkita umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan akseleratsiya markazlari orqali yoshlar innovatsion faoliyatga keng jalb etilmoqda. Bu esa “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanloviga topshirilgan arizalar sonining 3 barobar oshishiga sabab boʻldi.
Safarning ikkinchi kuni Qiziltepa tumanida davom etdi. Delegatsiya bu yerda qorakoʻl va ozuqa granulalaridan yuqori sifatli kiyim-kechaklar ishlab chiqarish, yangi issiqlik-beton mahsulotlari, qurilish uchun lateks qoplamali paxta qoʻlqoplari ishlab chiqarish, purkagichli sugʻorish tizimlari, shuningdek, sut mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi.
Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Yorqina Akmanova Navoiy tajribasi oʻzlari uchun juda foydali boʻlganini taʼkidladi. “Viloyatimizda 9 milliard soʻmlik 12 ta loyiha moliyalashtirilib, 9 tasi amalga oshirildi. Biz Navoiydagi innovatsion yondashuvlardan ilhomlanib, hududimiz sharoitiga mos loyihalarni topishga va joriy etishga intilamiz”, — dedi u.
Tashrif davomida innovatsion hududlar oʻrtasida tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va innovatsiyalar orqali iqtisodiy rivojlanishga erishish masalalari muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring