Viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi

18:20 25 Noyabr 2025 Siyosat
289 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Urgut tumanining 112 ming gektar maydoni bor, shundan 12 ming gektari sugʻoriladigan, 40 ming gektari yaylov va 22 ming gektari togʻ hududlarini tashkil qiladi. Bu yildan 2 ming gektar gʻalla yerlari, 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavot ekishga oʻtkazilmoqda. Yangi qoʻshilayotgan 5,5 ming gektarda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, gʻalla va tamakidan boʻshagan yerlarning 3 ming gektarida oq kishmish ekilib, mayiz qilinsa, tumanda qoʻshimcha 80 million dollarlik eksport boʻladi.

Shuningdek, Urgut tumanidagi 500 gektar togʻ-oldi va yaylovda sanoatlashgan uzumzor tashkil etib, 10 gektardan aholiga boʻlib berish tashabbusi bildirilgan. Ishtixon tumanida ham kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda bunday uzumzorlar tashkil qilinadi.

Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida 50 ta artizan qudugʻi qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli oʻrnatish xarajatlari uchun 30 milliard soʻm arzon resurs beriladi.

Urgutdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmining 51 foizi chorvachilikka toʻgʻri keladi.

Tumanda 40 ming gektar yaylov boʻlsada, shundan atigi 1,5 ming gektari chorva xoʻjaliklari uchun ajratilgan. Vaholanki, urugʻ va agrotexnologiyalar yaxshilansa, chorvachilik qilsa boʻladigan 14 ming gektarda yana 40 ming bosh qoʻy-echki boqish mumkin. Bu – yiliga 100 ming tonna goʻsht va viloyat talabining 50 foizi shuni oʻzidan qoplanadi, degani.

Mutasaddilarga 40 ming bosh qoʻy-echki boʻyicha loyihani moliyaviy manbalari bilan hal qilish, yaylovlarni oʻzlashtirish boʻyicha Urgutga mutaxassis olib kelish topshirildi.

Umuman, viloyatda 688 ming gektar yaylov bor. Bu – chorva ozuqasi uchun juda katta imkoniyat.

Endilikda chorvasi bor fermerlar uchun yaylovlardagi boʻsh yerlar qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bilan auksionga chiqariladi.

Umuman, Osiyo taraqqiyot bankining 63 million dollari hisobidan 200 ming gektar yaylovda ozuqabop ekinlar ekish boʻyicha loyihani boshlash topshirildi.

Viloyat qishloq xoʻjaligini asosiy suv manbai Zarafshon daryosi boʻlib, undan kelayotgan suv hajmi yil sayin kamayib bormoqda. Daryodagi suv hajmi kamayib ketgani uchun yer osti suvlaridan foydalanish darajasi 2 barobar oshgan.

Shu bois, keyingi yil kamida 30 ming gektarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Endi viloyatdagi fermerlar uchun tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorishni joriy qilishga beriladigan kredit foizi 14 dan 10 foizga tushiriladi, paxta maydonlarining har bir gektari uchun 12 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Suv soligʻi tushumi toʻliq tuman suv korxonalari ixtiyoriga oʻtkazilib, faqat ariq va kanallarni betonlashga sarflanadi. Buning natijasida har yili 1 ming kilometr tuproq kanal va ariqlar beton qoplamaga oʻtkaziladi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari masʼullarning hisobotlari va rejalarini tingladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?