“Uzbekistan Airports” kompaniyasi “Uzbekistan Airports Training Center” aeroport xodimlarini tayyorlash markazini tashkil etadi

15:27 23 Noyabr 2023 Jamiyat
201 0

“Uzbekistan Airports”AJ delegatsiyasi Koreyaga javob tashrifi doirasida Korea Airports Corporation (KAC) vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi va aviatsiya sanoatining bir qancha obyektlarida boʻldi.

“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.v.b. Javlonbek Umarxoʻdjayev va KAC prezidenti Yoon Hyung-Joong hamkorlikning bir qancha yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan anglashuv memorandumini imzoladilar. Asosiy yoʻnalish Oʻzbekistonda aeroport xodimlari uchun aviatsiya sohasida tayyorlash markazini yaratish boʻyicha qoʻshma loyiha boʻldi. Markaz KAC innovatsion tajribasi asosida tashkil etilib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) moliyalashtirish va uni zamonaviy uskunalar bilan jihozlashni nazarda tutuvchi grant koʻmagida quriladi.

Hujjat, shuningdek, aeroportlarni boshqarish sohasida axborot va tajriba almashish, loyihalar va biznes tashabbuslar boʻyicha ekspertlar almashinuvi, aviatsiya sohasida qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, aeroportlarni samarali boshqarish uchun kadrlar malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni oʻz ichiga oladi.

“KAC bilan hamkorlikning asosiy tarkibiy qismi Oʻzbekiston aeroportlari qoshida KOICA granti koʻmagida Aviatsiya oʻquv markazini tashkil etishdan iborat. Bugungi kunda Oʻzbekiston aeroportlarida 8 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda va ishchilarning malakasini oshirish aeroport faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Bunday markazni tashkil etish ilgʻor jahon tajribasiga muvofiq texnologik imkoniyatlar va operatsion standartlarni doimiy ravishda takomillashtirish uchun zarur. Bundan tashqari, “Uzbekistan Airports” AJ aviatsiya sohasida mehnat qilayotgan kadrlarni tayyorlashga ilgʻor metodologiya va amaliyotlarni joriy etish boʻyicha KAC bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda”, — dedi “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxodjaev.

Tashrif davomida delegatsiya Seul va Chonju shaharlaridagi KAC aviatsiya oʻquv markazlarida boʻlib, u yerda kadrlar tayyorlashning ilgʻor usullari bilan tanishdi. Bundan tashqari, Uzbekistan Airports vakillari Kimpxo xalqaro aeroporti (Seul) ishi bilan tanishdilar va Incheon xalqaro aeroportining aviatsiya akademiyasiga tashrif buyurdilar. Shuningdek, “JEJU Air” aviakompaniyasi bilan istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?