“Yechim izlaymiz”. Zelenskiy AQSHning tinchlik rejasi haqida fikr bildirdi

11:43 22 Noyabr 2025 Dunyo
158 0

Foto: t.me/V_Zelenskiy_official

Ukraina Vashington tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasidagi talablarga nisbatan oʻz alternativalarini taklif qilgan holda, urushni tugatishga qaratilgan reja ustida AQSH va boshqa hamkorlar bilan ish olib boradi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy maʼlum qildi.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, bugun Ukraina oʻz tarixidagi eng ogʻir davrlardan birini boshdan kechirmoqda va juda qiyin qarorlar qarshisida qolishi mumkin.

— Yoki qadr-qimmatdan ayrilish, yoki asosiy hamkorni yoʻqotish xavfi. Yoki 28 bandni qabul qilish, yoki eng ogʻir — mojarosiz, muzli va xavfli qish. Erkinlik, qadr-qimmat va adolatsiz hayot. Va bizga ikki marta hujum qilgan tomonga ishonishimizni kutish. Bizdan javob kutilmoqda, — dedi u Qadr-qimmat va ozodlik kuni munosabati bilan ukrainaliklarga yoʻllagan murojaatida.

Ukraina rahbari taʼkidlashicha, Kiyev balandparvoz bayonotlar bermaydi, balki Vashington va boshqa sheriklar bilan tinchlik rejasi yuzasidan xotirjam va izchil ishlaydi.

— Bosh mavzumiz hamkor bilan konstruktiv yechimlarni izlash boʻladi. Men dalillar keltiraman, ishontirib aytaman, alternativlar taklif qilaman. Lekin, aniqki, biz dushmanga Ukraina tinchlikni istamayapti, jarayonni buzmoqda yoki diplomatiyaga tayyor emas, degan bahona berishga yoʻl qoʻymaymiz. Bu hech qachon boʻlmaydi, — dedi Zelenskiy.

Vladimir Zelenskiyning aytishicha, u rejadagi barcha bandlar orasida kamida ikkisi — ukrainaliklarning qadr-qimmati va ozodligi — eʼtibordan chetda qolmasligi uchun kurashadi.

— Chunki aynan shu asosda qolgan barcha narsa qurilgan: mustaqilligimiz, suverenitetimiz, yerimiz, xalqimiz va Ukraina kelajagi. Biz urush tugashi uchun va Ukraina, Yevropa hamda global tinchlik barqaror boʻlishi uchun barcha ishni qilishimiz kerak va qilamiz, — dedi u.

Ukraina prezidenti Yevropa ittifoqi mamlakatlari yordamiga umid bogʻlayotganini ham qayd etdi.

— Biz Rossiya uzoqda emas, aynan YI chegaralari yonida ekanini yaxshi tushunadigan yevropalik doʻstlarimizga suyanamiz, — dedi Zelenskiy.

Shuningdek, Zelenskiy kelasi hafta “juda ogʻir” va “hodisalarga boy” boʻlishini qoʻshimcha qildi. Uning aytishicha, bu davrda ukrainaliklarni boʻlib-ajratishga qaratilgan axborot va siyosiy bosim urinishlari koʻpayadi. Prezident fuqarolarni birdam boʻlishga chaqirdi.

Avvalroq Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko AQSH tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasining matnini eʼlon qilgan edi. U 28 bandini oʻz ichiga oladi. Ular orasida — Ukrainaning NATOga kirishdan voz kechishi, kelishuv imzolanganidan 100 kun oʻtgach saylovlar oʻtkazish, Qrim, Lugansk va Doneskning amalda Rossiyaga tegishli ekanini tan olish kabi talablar ham bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?