Uy vazifasidan Kann festivaligacha: Shokir Xoliqov “Choy”, chegara, kino sanʼati haqida

Kino haqida uzoq yozish mumkin, biroq qancha yozsada asl asarlarni toʻla baholab boʻlmaydi. Ularni ortiqcha taʼriflashga hojat yoʻq. Shunchaki kino kecha va bugun, yoshlik va keksalik haqida soʻzlaydi, mehrsizlikdan tashna chol qiyofasida choyga talpinadi. Tomoshabin esa choygacha boʻlgan uch qadamni butun bir umrdek tasavvur qiladi. Uch qadamdan soʻng ham yetishilmagan choy sabab vaqt toʻxtab qolgandek boʻladi.
Sezganingizdek biz 4 devor ichiga butun umrni joylay olgan yosh, isteʼdodli rejissyor Shokir Xoliqov bilan “Choy” filmi va kino sanʼati haqida suhbatlashamiz.
– Facebookʻdagi shaxsiy sahifangizga “barcha kinochilarga oʻrgatishni xohlaydi” mazmunidagi post qoldirgansiz, keling, suhbatimizni shu kabi fikrlaringiz bilan boshlasak. Bunday fikrlar bildirishingizning boisi nimada?
– Men shaxsiyat bilan bogʻliq postlar qoldirmayman. Asosan umumiy xulosalarimni yozaman. Bu xulosalarga qanday kelganimni, nima sababdan shunday oʻylaganimni tushuntira olmayman. Shunchaki oʻylaganlarimni yozaman, xolos.
– "Choy" kinosida turli detallardan foydalanganingiz eʼtiborni tortdi. Ularga siz qanday maʼno yuklagansiz?
– Katta maʼno yoʻq. Masalan, boʻri tirnogʻini bilamiz hammamiz, omad keltiradi, kuch-quvvat deymiz. Boʻri tirnogʻi ipni oxirida. Cholni umidlari shunda, bitta qoʻngʻiroq. Chol barchasini shu boʻri tirnogʻi bilan hal qiladi. Ip esa umr chizigʻi. Suratlar esa ipning oxiridan boshigacha, agar chol tomondan yuradigan boʻlsak, cholning yolgʻiz qolgan davrigacha boʻlgan muddatni koʻramiz. Avval cholni oʻzi, keyin xotini, kasbi nima boʻlgani, kichikroq, toʻy oldi suratlari, undan soʻng yoshlikdagi rasmlari joylashtirilgan. Umuman olganda ularga qarab cholning hayot tarixini koʻrish mumkin.
Koʻrinib turibdi, u ovchi. Xonada ovchining miltiqlari bor.
koʻrayotgan kinolarning qahramoni shu payda tugʻilib qoladi, Uning oʻtmishi boʻlmaydi. Menga shunday tuyuladi. Oʻsha kinofilm boshlangandan, qahramon ham shu yerdan boshlangandek tuyuladi. Oʻtmishi qanaqa edi degan savollar boʻlishi kerak va unga imkon qadar boshlangan nuqtadan boshlab javob berib borish kerak.
Shuning sabab u narsalardan oʻtmishi uchun va cholni xarakteri qanaqa boʻlgan, umuman olganda kim boʻlgan shu kabi savollarga javob sifatida foydalanilgan, ham ramziy maʼnoga koʻchirilgan, ham tomoshabinda yuzaga keladigan savollarga javob sifatida berilgan.
– Kartinada deyarli soʻzlar ishlatilmagan. Agar filmda dialoglardan foydalanilganda, uni qanday tasavvur qilardingiz? Nima uchun aynan shu uslubdan foydalanilgan?
– Shu vazifa qoʻyilgan edi. Men koʻp aytganman. Yolqin akani kursida ssenariy yozardim men. Oʻsha kursda hech qayerga chiqilmaydigan, bitta uyda boʻladigan gap-soʻzsiz asar yozish kerak edi. Men oʻsha topshiriq uchun “Choy”ni yozgandim. Men chegaralar doim boʻlishi kerak deb hisoblayman. Chegara uchun shu kino (ssenariy)ni yozganmanda. Agar menga erkinlik berilganda, bilmadim bu narsa chiqarmidi yoki yoʻq.
– “Choy” filmiga maʼlum chegara qoʻyilgan ekan, lekin “Bizni tushunishmaydi” filmida ham asosan nigohlar tilga kirgan. Bu siz tanlagan ijodiy uslubmi? Xoʻsh, nega qahramonlaringizni gapirtirishni istamaysiz?
– Tushuntirishim qiyin. Kinoning kuchi men uchun soʻz bilan emas, koʻrsatish bilan. Qahramonning yuzi, atrof-muhit, uy, har bir detal hamma narsa gapirishi kerak. Eng qiynalib ketganida desammikan yoki shu soʻzsiz tushuntirib boʻlmaydigan vaziyatdagina soʻz ishlatish kerak deb oʻylayman. Men shunday hisoblayman. Bundan keyingi ishlarim ham xuddi shunday boʻladi. Buni oʻzimga qoʻyilgan chegara deb ayta qolaylik.
– Bilamizki real hayotga asoslangan filmlar har yerda qadrlanadi va oʻz muxlislarini topadi. “Choy” filmini yaratishingizga nima turtki boʻlgan?
– Qishloqqa borganman. Men koʻrgan qahramon sogʻlom kampir edi. Derazada esa choy turardi. Men shunchaki oʻylaganmanki, agar kampir nogiron boʻlganda va oʻsha choyni ichgisi kelganida unga yetib kela olarmidi yoki yoʻqmi deb. Ssenariy shundan yozilgan.
– Koʻplab filmlarda qahramonlarning yuz ifodalariga nisbatan ham koʻra koʻproq ularning soʻzlarni qanday yetkazishiga asosiy eʼtibor qaratiladi. “Choy” filmida chol oʻzining barcha soʻzlarini soʻzsiz yetkazib bera olgan. Bu kabi aktyorlarni tanlashda asosan nimalarga eʼtibor berasiz? Aktyor tanlash jarayoni uzoq va murakkab kechmaydimi?
– Yoʻq, men hech qanday ortiqcha narsa talab qilmaganman. Shunchaki cholni soqoli boʻlishi kerak edi. Aynan “Choy” filmi uchun 6-7 ta aktyor koʻrganman. Oʻzi bir koʻrishda miyaga “tepadi”, rejissyorda mana shu meni aktyorim degan oʻy oʻtadi. Shaxsan menda shunday.
– Chegara oraligʻidagi takrorlardan qoʻrqmaysizmi?
– Yoʻq, bu dunyoda qoʻrqib yashab boʻlmaydi. Shuning uchun qoʻrqmayman. Chunki barbir takror ham aynan takror boʻlmaydi. U boshqacha chiqadi. Fikr doirasida takror qilsangiz, u takroringiz boshqa vazifa uchun xizmat qiladi. Lekin koʻproq takrorlamaslikka harakat qilinadi. Tajriba shundan orttiriladi. Mashhur rejissyorlar ham aytadi: “Men oʻgʻrilik qilaman (yaʼni takror qilaman), lekin oʻzimniki boʻladi”, deb.
– Filmlaringiz (“Choy” va “Dilemma” misoli)da arava va shu kabi oʻzbekona darvozlar, umuman xonadonlarga koʻproq eʼtibor berasiz, nazarimda. Bu sizni uslubingiz boʻlib qoladimi yoki keyingi kinolarda boshqacha yoʻsinda ham koʻrishimiz mumkinmi?
– Arava “Dilemma”da kutilmaganda boʻlgan, “Choy”da oʻzimiz qoʻyganmiz. Ikkinchidan, muhit shunaqa. Masalan chet elda bunday muhit topilmaydi. Yoʻq. Yoki qoʻshnilarimiz Tojikiston, Qirgʻizistonda ham. Hech qayerda siz yashayotgan joy yoʻq. Siz koʻrayotgan kadr faqat shu yerda bor. Bitta u butun dunyo boʻylab. Menga shu muhim. Folknerni bir gapi bor: “Meni dunyo oʻqishi uchun meni mana shu qishloqda tugʻilganimni oʻzi kifoya qiladi”, deydi. Shunday ekan, bizni dunyo koʻrishi uchun, mening fikrimcha, mana shu Oʻzbekistonda tugʻilganimiz yetarli. Va shuni koʻrish, koʻrsata olishga harakat qilish kerak faqat. Shuning uchun bu takrorlar balki boʻlar, bu balki boʻlmas. Bu rassomlarning ishi. Yaʼni kadrni boyitish, masalan yozilmagan detallar boʻladi. Ularni rassomlar qoʻyadi. Oʻsha aravalar masalan yozilmagan detallar. Ularni muhitni berish uchun rassom joylashtiradi. Bundan keyin balki takror boʻlar, balki boʻlmas.
– Bu savol aynan kinolaringiz yuzasidan emas, Xalqaro Kann kinofestivalida gʻolib boʻlganingizdan keyin “Oʻzbekkino”ning sizni taqdirlashi ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylandi. Oʻshanda sizga bildirilgan munosabatdan nimani his qilgansiz?
– U holat menga u qadar “qattiq” taʼsir qilmadi. Chunki men kimdir uchun qilmaganman u ishni. Men birovdan yordam ham yoki biron sovgʻa ham kutmaganman. Kutmayman ham. Toʻgʻri birozgina yurakka “teggan” boʻlishi mumkin yaʼni yoshlarga munosabat shumi degan maʼnoda. Bu ham men oʻzim uchungina emas. Men umumiy yoshlarni ichida boʻlganim uchun birozgina koʻnglimga teggan boʻlishi mumkin.
Agar shaxsan oʻzim uchun boʻlsa, menga u kabi narsalarni umuman qizigʻi yoʻq. Bunaqa narsalarga umuman eʼtibor bermayman. Men oʻzim uchun kino qilaman. Birovdan yordam kutish, birovdan koʻmak yoki bir ragʻbat kutish, yoki birovga yoqish uchun narsa qilmayman. Shu jihatdan deyarli oʻzimga taʼsir qilgani yoʻq. Lekin mening atrofimdagilarga: “Shumi endi” degan fikr uygʻongan boʻlishi mumkin. Shu sabab biroz menga ham taʼsir qilgan.
– Hozirda “Oʻzbekkino” va rejissyorlar oʻrtasida turli mojarolar, konfliktlar yuzaga kelmoqda. Siz soha ichidagi yosh rejissyor sifatida bunga qanday qaraysiz? Shaxslar oʻrtasidagi konflikt sabab oʻzbek kinosi yoʻqotishlarga uchramayaptimi?
– Bular menga ahamiyatsiz. Menga faqat kino kerak. Boshqa hech narsa kerak emas. Kino olaman boʻldi.
– Samimiy suhbat uchun rahmat. Yaratgan kinolaringiz bilan bundanda yuqori natijalarga erishishingizga tilakdoshmiz. Sizdan yangi filmlar kutib qolamiz.
"Xalq so'zi"
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring