Turkiston jadidlik harakatining asoschisi

17:25 06 Yanvar 2026 Jamiyat
371 0

Bugungi kunda jadidchilik harakatining yetakchi namoyandalaridan biri, buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, uning hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish hamda boy ilmiy va badiiy merosini keng targʻib etishga mamlakatimizda alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida Mahmudxoʻja Behbudiy haykali oʻrnatildi. Samarqand shahrida esa uning uy-muzeyi tashkil etildi. Shuningdek, yosh avlodning intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida 2025-yilda maʼrifatparvar adib tavalludining 150-yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Isteʼdodli dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot taʼsis qilingani, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetda iqtidorli talabalar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya shu yoʻldagi yangi amaliy qadam boʻldi.

Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti va faoliyatiga oid nodir eksponatlar, qoʻlyozmalar, kitoblar, jurnalistik materiallar hamda sahnalashtirilgan asarlarni yaqindan oʻrganish maqsadida Samarqand shahridagi Mir Said Baraka koʻchasida joylashgan Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyiga tashrif buyurdik. Ushbu muzey katalogi va unda jamlangan eksponatlar tarixchilar, muzeyshunoslar, sanʼatshunos olimlar hamda keng jamoatchilik uchun muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, Mahmudxoʻja Behbudiy Samarqandda oʻziga xos ilmiy-maʼrifiy muhit yaratgan va tarixda “Turkiston jadidlarining otasi” degan yuksak nomga sazovor boʻlgan. Muzey katalogida va saqlanayotgan eksponatlarda Mahmudxoʻja Behbudiy tashabbusi bilan 1903-yilda Samarqand atrofidagi mahallalarda yangi maktablar tashkil etgani haqidagi maʼlumotlar bor. Mazkur ekspozitsiyada Behbudiy bilan bir davrda ijod qilgan jadidlarning asarlari ham bor.

Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzbek jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri sifatida maʼrifatparvarlik va millatparvarlik faoliyati, chuqur diniy bilimga egaligi, keng dunyoqarashi va vatanparvarligi bilan tarix sahifalarida alohida oʻrin egallaydi. U taʼlimni ijtimoiy taraqqiyot va madaniy yuksalishning asosiy omili sifatida eʼtirof etadi.

Behbudiyning taʼlim sohasidagi eng katta xizmatlaridan biri — jadid maktablarini tashkil etishidir. Yangi usuldagi maktablarni tashkil etish va zamonaviy bilimlarni tarqatishga katta hissa qoʻshgan ustozdir. Uning taʼlim sohasidagi harakatlari jamiyatda maʼnaviy va madaniy rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratgan. Bunday maktablarda matematika, geografiya, tarix kabi zamonaviy fanlar va xorijiy tillarni oʻrgatishga katta eʼtibor qaratilgan. Uning fikricha, bunday taʼlim yosh avlodning ongli, dunyoqarashini kengaytirib zamonaviy jamiyatga mos ravishda shakllanishiga yordam beradi.

Dilnovoz Rizayeva,

Oʻzbekiston jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?