Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam

16:17 27 Fevral 2026 Hujjatlar
2013 0

Foto: Utarbekov Alixon

Maʼlumki, Oʻzbekiston Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Global tashabbusi uchun oʻnta maqsadli davlatlardan biri sifatida tanlangan. Ushbu Global tashabbus doirasida bolalarning yashovchanligini 60 foizga yetkazishga erishish koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli mamlakatimizda bolalar gematologiyasi va onkologiyasi kattalar yoʻnalishidan ajratilib, alohida markaz sifatida tashkil etildi hamda yagona bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmati yaratildi.

Foto: Utarbekov Alixon

Hozirda AQSHning Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti Karlos Rodriges-Galindo boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi. Mazkur delegatsiya aʼzolari yurtimizda bolalar onkologiyasini erta tashxislash va davolash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.

Xalqaro delegatsiya tarkibidan jahonning yetakchi ekspertlari, jumladan, “St. Jude Global” xalqaro tashabbusi vakillari va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosining bolalar onkologiyasi va palliativ yordam sohalaridagi mutaxassislari oʻrin olgan. Ushbu xalqaro tashkilotlarning ishtiroki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori darajadagi professional ishonch va xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etilganining dalolati desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Foto: Utarbekov Alixon
Foto: Utarbekov Alixon

Ushbu delegatsiyaning tashrif dasturi keng qamrovli va strategik xarakterga ega boʻlib, bolalarga koʻrsatilayotgan xizmatning asosiy jihatlarini — klinik amaliyot va dori-darmon taʼminotidan tortib, jarayonlarni raqamlashtirish va palliativ yordamni rivojlantirishgacha — qamrab oladi. Tashrif davomida mehmonlar “Uzbekistan Airports Cargo” logistik majmuasiga tashrif buyurib, u yerda onkologik dori vositalarini “sovuqlik zanjiri” asosida saqlash va tashish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar bu yerda yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berib, majmuada sifat nazorati va taʼminot zanjiri xavfsizligi yuksak darajada yoʻlga qoʻyilganligini eʼtirof etdi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining vaksinalar omborida ham boʻldi. Delegatsiya aʼzolari bu yerda milliy va xalqaro standartlarga muvofiq dori vositalarini markazlashtirilgan saqlash mexanizmlarini koʻzdan kechirar ekan, ushbu tizim Oʻzbekistonda bolalar salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Foto: Utarbekov Alixon
Foto: Utarbekov Alixon

Bundan tashqari, AQSHlik mehmonlar Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham boʻldi. Yaqinda ushbu muassasada oʻta noyob qurilma ishga tushirilgan boʻlib, ushbu apparat orqali bemorlarga zarur boʻlgan onkologik dori-darmonlarni tezkor va xavfsiz tayyorlashga moʻljallangan barcha jarayonlar inson omilisiz bajariladi. Natijada tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun xavfsizlik maksimal darajada taʼminlanadi, dorilarning samaradorligi esa kafolatlanadi. Xalqaro ekspertlar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda saratonga chalingan bolalar salomatligiga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikni yuksak baholadi.

Qolaversa, Global platforma doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari, erishilgan yutuqlar va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Unda dori vositalarining yetib kelish muddatlarini optimallashtirish, texnik talablarni toʻgʻri shakllantirish, talabnoma berish hamda dorilarni hududlarga yetkazish va bemorlarga qoʻllash jarayonlarini takomillashtirishning eng maqbul yoʻllari atroflicha muhokama qilindi.

Foto: Utarbekov Alixon

Shuningdek, delegatsiya vakillari Toshkent shahar koʻp tarmoqli shifoxonasidagi “Taskin” bolalar onkologik xospisi faoliyati bilan ham tanishdi. Tashrif davomida professional tajriba almashish va bolalar onkologiyasi tizimini raqamlashtirish masalasiga ham katta ahamiyat qaratildi. Yurtimizdagi soha mutaxassislari uchun palliativ yordamni rivojlantirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash boʻyicha oʻquv maʼruzasi oʻtkazildi. Soʻng delegatsiya Yagona integrator — UZINFOCOMga tashrif buyurib, u yerda saraton bilan kasallangan bemorlarni elektron roʻyxatga olish va marshrutizatsiya qilish, dori vositalarining bolalarga xavfsiz va oʻz vaqtida yetib borishi tizimini koʻzdan kechirdi. Ushbu tizimlar har bir bemor haqidagi maʼlumotlarni yagona bazaga jamlash, ularning davolanish jarayonini muntazam kuzatib borish imkonini bermoqda.

Foto: Utarbekov Alixon
Foto: Utarbekov Alixon

Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimining samaradorligi va shaffofligini oshirishda muhim element boʻlgan monitoring, tahlil va bemorlar oqimini boshqarish uchun yurtimizda joriy etilgan raqamli vositalar ham mehmonlarga namoyish etildi. Delegatsiya aʼzolari uzoq muddatli davolanish jarayonlarida bolalarning taʼlim olishini taʼminlashga qaratilgan “Mehrli maktab” taʼlim loyihasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Mazkur tashrif davomida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va AQSHning Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi. Ushbu hujjat bolalar onkologik va gematologik kasalliklarini davolash, tibbiyot xodimlarini oʻqitish, xalqaro klinik standartlarni joriy etish va palliativ yordamni rivojlantirish sohalarida uzoq muddatli hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.

Foto: Utarbekov Alixon

Bolalar saratonining oldini olish boʻyicha Global platforma doirasida amalga oshirilgan rasmiy xalqaro missiya yurtimizda bolalar onkologiyasi va onkogematologiyasi tizimini mustahkamlash yoʻlidagi muhim strategik bosqichga aylandi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish Oʻzbekistonda bolalarga xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy, barqaror ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Foto: Utarbekov Alixon

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?