BAA Tehrondagi elchixonasini yopish va elchisini chaqirib olishga qaror qildi
BAA Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Eron hududidan mamlakatga yoʻnaltirilgan zarbalar munosabati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Tehrondagi oʻz elchixonasini yopish va elchisini chaqirib olishga qaror qilgan.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, BAA Erondagi diplomatik missiya rahbarini, shuningdek, elchixona xodimlarini ham chaqirib olmoqda. Bu qaror Eron tomonidan BAA hududiga qarshi ochiqdan-ochiq amalga oshirilgan raketa hujumlariga javob sifatida qabul qilingan.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, Eron tomonidan amalga oshirilgan zarbalar fuqaroviy obyektlarga, jumladan, turar-joy massivlari, aeroportlar, portlar va infratuzilma obyektlariga qaratilgan.
Idora taʼkidlashicha, bunday harakatlar tinch aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi va milliy suverenitet hamda xalqaro huquq normalarining qoʻpol buzilishi hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, Isroil va AQSH tomonidan Eronga qarshi zarbalar boshlanganidan soʻng, Tehron Fors koʻrfazi davlatlari yoʻnalishida raketa va uchuvchisiz uchish apparatlarini ishga tushirgan. Eron rasmiylari bildirishicha, zarbalarning asosiy maqsadi mintaqadagi Amerika harbiy bazalari boʻlgan.
BAA Mudofaa vazirligi keyinroq 165 ta ballistik raketa va 541 ta uchuvchisiz uchish apparati uchirilganini qayd etdi. Ularning katta qismi havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan yoʻq qilingan.
Bir dron Dubay aeroportiga zarba bergani oqibatida toʻrt nafar fuqaro jabrlangan. Yana bir uchuvchisiz apparat parchalari Dubay shahridagi dunyoning eng baland mehmonxonalaridan biri boʻlgan besh yulduzli “Burj al-Arab” mehmonxonasi minorasiga tushgan.
Havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan yana bir dron parchalari esa Jebel Ali portidagi prichallardan birida yongʻin keltirib chiqargan. Jebel Ali porti Yaqin Sharqdagi eng yirik dengiz porti hamda dunyodagi eng katta sunʼiy portlardan biri hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring