Tramp yashirmayapti: Maduroni agʻdarish va AQSHning Venesuelani oʻz taʼsiriga boʻysundirish istagidagi asosiy sabab — neft

12:51 06 Yanvar 2026 Dunyo
334 0

Venesuelaning Zuliya shtatidagi Marakaibo koʻlida neft qazib olish, 2023-yil 15-noyabr

Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olish boʻyicha noyob operatsiyadan soʻng, Donald Tramp mamlakat hokimiyatidan AQSH kompaniyalarini mahalliy neft bozoriga kiritishni talab qildi. Bu bosim natija beradimi-yoʻqmi — hozircha nomaʼlum. Biroq investorlar Vashington tahdidlarining samarasiga ishonayotgani aniq: soʻnggi kunlarda AQSHning yirik neft korporatsiyalari aksiyalari qimmatlashmoqda.

Gʻarb texnologiyalaridan uzoq yillar davomida uzilib qolgan, izolyatsiya sharoitida tanazzulga uchragan sohani AQSH kompaniyalarining qaytishi, haqiqatan ham, qayta jonlantirishi mumkin. Ammo bu tez roʻy bermaydi: Venesuela sanoati ulkan investitsiyalar va faqat keyingi oʻn yillikda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qulay tashqi konyunkturaga muhtoj. Quyida AQSH manfaati nimada ekani, ular qanday toʻsiqlarga duch kelishi va nima uchun mintaqada AQSH taʼsirining kuchayishi Xitoy hamda Rossiyaga zarar keltirishi mumkinligi haqida soʻz yuritiladi.

AQSH manfaati nimada?

Trampning yangi siyosiy “ochiqsoʻzligi”ni inkor etib boʻlmaydi. Maduro agʻdarilganidan darhol u “boshsiz qolgan” Venesuelaga boʻlgan asosiy qiziqishini ochiq aytdi:

“Biz yirik amerikalik neft kompaniyalari <…> Venesuela neft infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarflashini va oʻz mamlakatimiz uchun pul ishlab topishini rejalashtiryapmiz”.

The Economist jurnali qayd etishicha, bu bayonot Vashington uchun “shirin qasos taʼmi”ga ega. AQSH kompaniyalarining Venesuela neft sanoatidagi ishtiroki bir asrdan ortiq tarixga ega: ayrim davrlarda ular bozorda deyarli monopoliyaga ega boʻlgan, ayrim paytlarda esa mahalliy hukumat proteksionizmining asosiy qurboniga aylangan.

Soʻnggi katta zarbani esa hozirgi rejimning “asoschisi” Ugo Chaves bergan: 2007-yilda oʻz korxonalarida nazoratni milliy PDVSA konserniga berishga rozi boʻlmagan AQSH va boshqa gʻarb davlatlari investorlarining aktivlari ekspropriatsiya qilingan. Keyingi qariyb 20 yil ichida Venesuela AQSH va xalqaro sudlarda umumiy qiymati 60 milliard dollarga yaqin boʻlgan kompensatsiya daʼvolariga duch keldi. Tramp esa tezkor operatsiyadan ikki hafta oldin Karakas keskinlashuvning oldini olish uchun “AQSHdan oʻgʻirlangan barcha neft, yer va boshqa aktivlarni zudlik bilan qaytarishi kerak”, deb ochiq aytgan edi.

Katta ulush — ammo katta toʻsiqlar bilan

Bu yerda gap haqiqatan ham ulkan ulush haqida ketyapti. Ammo Tramp aytgan natijaga erishish uchun jiddiy saʼy-harakat kerak. Ilgʻor texnologiyalardan deyarli toʻliq uzilish, investitsiyalar yetishmasligi va samarasiz “milliy” boshqaruv Venesuela neft sanoatini tanazzulga olib keldi.

Bugun mamlakatda kuniga taxminan 1 million barrel neft qazib olinadi — bu jahon taklifining atigi 1 foizi. Bu koʻrsatkich 2000-yillar oxiridagi darajadan qariyb uchdan ikki qismga kam. Mutaxassislar fikricha, hajmni hech boʻlmaganda oʻsha darajaga qaytarish Venesuela va xorijiy investorlarni birdek boyitishi mumkin. Chunki imkoniyat ulkan: hozirgi kam hajmga qaramay, mamlakat dunyodagi eng katta razvedka qilingan neft zaxiralariga — 300 milliard barreldan ortiq, yaʼni jahon zaxiralarining beshdan bir qismiga ega.

Bu zaxiralarni oʻzlashtirishdan eng koʻp manfaatdor tomon — AQSH neftni qayta ishlash zavodlari. Ular Venesuelaga xos boʻlgan ogʻir va oltingugurtli neftga ixtisoslashgan. Hozir bu zavodlar asosan Kanada nefti bilan ishlayapti, ammo Tramp boshlagan savdo urushi tufayli u yerdan yetkazib berishlar ham doimiy xavf ostida.

Qisqa muddatda oʻsish emas, pasayish ham mumkin

Venesuela neft sanoatini toʻliq tiklash, ehtimol, yillar talab qiladi. Yaqin istiqbolda esa qazib olish hajmi hatto kamayishi mumkin — bu ham qisman Tramp siyosati oqibati.

Dekabr oyidan beri AQSH Venesuela neftini sanksiya ostidagi tankerlarda eksport qilishni bloklab kelmoqda. Natijada tashqi yetkazib berish keskin qisqardi, dengizda toʻxtab turgan tankerlardagi neft hajmi esa koʻp yillik maksimumga yetdi. Maduro agʻdarilganidan keyin yuklangan oʻnlab tankerlar blokadani buzib chiqishga urindi, ammo bu tizimli yechim boʻla olmaydi.

Ichki bozorda esa naftaning (quyuq neftni tashish uchun zarur boʻlgan, asosan Rossiyadan import qilinadigan qoʻshimcha) tanqisligi yuzaga keldi. Agar bu shartlar saqlanib qolsa, The Economist baholashicha, qazib olish kuniga 700 ming barreldan ham pastga tushib ketishi mumkin.

Qachon tiklanishi mumkin?

Sanksiyalar va blokada bekor qilinsa, hajm kamida bir necha oy ichida tiklana boshlashi mumkin. Kpler prognozlariga koʻra, mavjud infratuzilma toʻgʻri taʼmirlansa, 2026-yil oxiriga borib qazib olish 1,2 million barrelga yetishi mumkin. Ammo bu ham jahon miqyosida past koʻrsatkich boʻlib qoladi (masalan, Liviya kuniga taxminan 1,4 million barrel qazib oladi).

Barqaror oʻsish esa faqat investitsiyalar va ishchi kuchi yetishmasligini bartaraf etish, shuningdek, jahon bozorida talab oʻsishi orqali mumkin, deb taʼkidlaydi The Economist.

Investitsiyalar

Rystad Energy hisob-kitoblariga koʻra, 15-yil oldingi qazib olish darajasiga qaytish uchun Venesuelaga 110 milliard dollar sarmoya kerak. Bu AQSHning barcha yirik neft kompaniyalari 2024-yilda qidiruv va qazib olishga yoʻnaltirgan mablagʻidan ikki baravar koʻp. Tramp keskin siyosat orqali ularni sarmoyani oshirishga majbur qilaman, deb umid qilyapti. Ammo bu umid oʻzini oqlaydimi — nomaʼlum.

Maduro agʻdarilgan paytda mamlakatda sanksiyalardan istisno sifatida faqat bitta AQSH kompaniyasi — Chevron ishlab turgan, u kuniga taxminan 200 ming barrel neft eksport qilgan. Qolgan kompaniyalar uchun xavflar saqlanib qolmoqda: Karakasda siyosiy vaziyat qachon barqarorlashishi va kelgusi AQSH maʼmuriyati Tramp siyosatini davom ettiradimi-yoʻqmi — ochiq masala. Uning oʻzi esa neft kompaniyalarini shoshirmoqda: Politico manbalariga koʻra, Oq uy kompensatsiya toʻlovlarini Venesuelaga yangi sarmoyalar bilan qaytish shartiga bogʻlab qoʻygan.

Ishchi kuchi — sarmoyalardan keyingi ikkinchi katta toʻsiq. Soʻnggi yillarda mamlakatni oʻn minglab malakali mutaxassislar: muhandislardan tortib geologlargacha tark etgan. Sohani qayta tiklash uchun boshqaruvni tubdan isloh qilish va kadrlar tanqisligini bartaraf etish kerak boʻladi. Milliy PDVSA esa 70 ming kishilik shtatiga qaramay, samarasiz boshqaruvi bilan ajralib turadi; soʻnggi yillarda qarorlar bozor emas, harbiy-siyosiy rahbariyat tomonidan qabul qilingan.

Xitoy va Rossiya uchun oqibatlar

Tramp maʼmuriyati Gʻarbiy yarimsharda oʻz taʼsirini ochiq daʼvo bilan kuchaytirgach, Xitoy va Rossiya manfaatlari uchun xavf oshdi. Avvalo, Xitoy — Venesuela neftining asosiy xaridori. 2025-yilda u yerdan kelgan import Xitoy isteʼmolining 4 foizini tashkil etgan. Venesuela nefti sanksiya diskontlari tufayli arzon, shuningdek, qurilish hamda yoʻlsozlik uchun muhim.

Bloombergʼga koʻra, bu neftni ayniqsa Xitoyning mustaqil NPZlari qadrlaydi. Hozircha Pekin uchun zarba tankerlardagi zaxiralar hisobidan yumshatilmoqda: Kpler maʼlumotlariga koʻra, Xitoy va Malayziya sohillarida 82 million barrel neft toʻxtab turibdi, uning chorak qismi Venesuela nefti.

Xitoy kompaniyalari Sinopec va CNPC, shuningdek, Rossiyaning “Roszarubejneft” kompaniyasi ham Venesuelada katta zaxiralarga ega konlarda ishlash huquqiga ega. Morgan Stanley tahlilchilariga koʻra, oʻrta muddatda qazib olish oʻsishi ehtimoli bor. Ammo Rossiya uchun asosiy xavf aktivlarni yoʻqotish emas, balki neft narxlarining global pasayishi boʻlishi mumkin. Bu RF byudjetiga qoʻshimcha bosim oʻtkazadi.

Shu bilan birga, Venesuela neft sanoatining tiklanishi — yillarga choʻziladigan, kafolatsiz jarayon. Hozircha esa bozorlar Karakas va Vashingtondan kelayotgan bayonotlarga xotirjam munosabatda: neft narxlarida keskin qulashi kuzatilmadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?