Tramp AQSH Taʼlim vazirligini yopishga qaratilgan farmonni imzolaydi

11:17 20 Mart 2025 Dunyo
201 0

AQSH prezidenti Donald Tramp uzoq kutilgan ijro etuvchi farmonni imzolashi kutilmoqda. Ushbu farmon mamlakat Taʼlim vazirligini yopishga qaratilgan boʻlib, bu uning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy vaʼdalaridan biri hisoblanadi. Farmon matni bilan tanishgan “Reuters” agentligining xabar berishicha, ushbu qaror demokratlar tomonidan keskin norozilik bilan kutib olingan.

Trampning farmoni hali imzolanmagan boʻlsada, bir guruh demokrat shtatlar bosh prokurorlari ushbu qarorni bekor qilish va Taʼlim vazirligini yopish boʻyicha rejalashtirilgan ish oʻrinlar qisqarishini toʻxtatish uchun sudga murojaat qilishdi. Shu bilan birga, AQSHdagi eng yirik fuqarolik huquqlari tashkilotlaridan biri boʻlgan NAACP (Rivojlangan rangli fuqarolar milliy assotsiatsiyasi) ushbu farmonni konstitutsiyaga zid deb atadi.

NAACP prezidenti Derrik Jonsonning soʻzlariga koʻra, bu farmon minglab amerikalik bolalar, ayniqsa, qashshoq va qishloq joylarda yashovchi oʻquvchilar uchun jiddiy zarba boʻladi. “Bu kun – sifatli taʼlim uchun federal mablagʻga tayanadigan millionlab amerikalik bolalar uchun qora kun”, — dedi u.

Tramp va uning maslahatchisi, milliarder Ilon Mask ilgari ham AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi kabi davlat muassasalarini Kongress roziligisiz yopishga harakat qilishgan. Shunga qaramasdan, Taʼlim vazirligini yopish Trampning ilk bor vazirlik darajasidagi agentlikni tugatish tashabbusi boʻlib, bu katta siyosiy bahsga sabab boʻlishi mumkin.

Trampning bu rejasini amalga oshirish oson boʻlmaydi. Chunki Kongress roziligisiz vazirlikni yopish qonunan imkonsiz. Respublikachilar Senatda 53-47 ovoz ustunligiga ega boʻlsada, yirik qonun loyihalarini, jumladan, vazirlikni yopish haqidagi qarorni qabul qilish uchun kamida 60 ta ovoz talab qilinadi. Bu esa yetti nafar demokrat senatorning qoʻllab-quvvatlashini talab etadi. Hozircha demokratlar bunday tashabbusni yoqlash belgilarini koʻrsatishmagan.

Tramp bir necha bor Taʼlim vazirligini “yirik aldov” deb atagan va uni prezidentligining ilk muddatida yopishga uringan edi. Shunga qaramasdan, Kongress bu taklifni qoʻllab-quvvatlamagan.

Donald Tramp va uning tarafdorlari Taʼlim vazirligini byurokratik hamda samarasiz deb hisoblab, taʼlimni shtatlar darajasida toʻliq mustaqil qilishni taklif qilmoqda. Unga koʻra, federal hukumat taʼlimga kamroq aralashishi kerak, moliyaviy mablagʻlar esa toʻgʻridan-toʻgʻri shtatlar yoki oʻquv muassasalariga berilishi lozim.

AQSH Taʼlim vazirligi davlat tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqariladigan asosiy taʼlim muassasasi emas, balki taʼlim siyosatini shakllantiruvchi federal idora hisoblanadi. Uning vazifasi moliyaviy yordam ajratish, taʼlim sifatini nazorat qilish va tenglikni taʼminlashdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер