Toj Mahalni koʻrganlar

Dunyo sharqshunoslari lutf etganidek, dunyo xalqlari ikki toifaga boʻlinadi: Toj Mahalni koʻrganlar va Toj Mahalni koʻrmaganlar.
Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Yuqoriovul” mahallasida istiqomat qiluvchi Togʻaymurod va Zebuniso Ishmatov kurrai zaminda Toj Mahalni koʻrganlardandir.
Soʻzda mutlaq haqiqat boʻlmasligi mumkin. Ammo, har bir jumla haqiqat poydevori ustida qad rostlaydi. Togʻaymurod aka ham yarim hazil, yarim chin maʼnoda Toj Mahal ziyorati sababini tushuntirgan boʻldi:
– Bundan 52-yil oldin ayangizning qoʻlini soʻraganimda, dastlab u kishim rad etgandi. Shunda “Toj Mahalga olib boraman”, deb vaʼda berganman.
Oddiy oʻqituvchilar oilasining bu orzusi, ne ajabki, oradan 52-yil oʻtib roʻyobga chiqdi.
Ikki oʻgʻil, toʻrt qizni elga qoʻshgan tabarruk otaxon va onaxon Hindistonda Toj Mahal ziyoratida boʻldilar.
– Agradagi yoʻlboshlovchimizning taʼkidlashicha, Toj Mahal majmuasining umumiy maydoni 42 gektar ekan. Lekin boshqa manbalarda 18 gektar deyilgan. Taxminimcha, Toj Mahal imorati va hovlisining oʻzi 18 gektarni tashkil etadi. Toj Mahal – yorga boʻlgan muhabbat, benazir sevgining boqiy obidasi. Boburiylar bino qilgan dunyoning yetti moʻjizasidan birining ziyoratida boʻlib, bir olam taassurot oldik.
Har kuni yuzlab ziyoratchilar bebaho qadamjoda boʻladilar. Minglab oshiq qalblar oʻzlarining muhabbati uchun bu obidadan ruhiy quvvat olsa, ne ajab.
Hindiston va Afgʻoniston fuqarolari uchun Toj Mahalga kirish bepul. Buning boisi Bobur hokining Kobulda ekanligi va uni afgʻonistonlik deb hisoblanishidir. Aslida Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham Toj Mahalga kirish beminnat boʻlishi kerak emasmi?
Toj Mahalni koʻrgan Togʻaymurod va Zebuniso Ishmatovlarga jahongashtalik tilab, Shohjahon oʻz rafiqasi Mumtozbegimga qurdirgan muhabbat obidasidan yoʻllangan salomlarini sizlarga ham tortiq etdik.
Otabek ISROILOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring