Toshkentda sabzavot ekinlari urugʻchiligi boʻyicha trenerlar tayyorlash treningi oʻtkazildi

Bugun, 25-iyun kuni Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida sabzavot ekinlari urugʻchiligi boʻyicha Trenerlar tayyorlash treningi oʻtkazildi.
Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti “Kichik fermerlar barqaror agrar oziq-ovqat ekotizimlariga erishish uchun qishloq xoʻjaligidagi innovatorlar sifatida” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha tashkilotning Moslashuvchan Ixtiyoriy Hissa mexanizmi orqali moliyalashtirilgan boʻlib, hozirda Qirgʻiziston hamda Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ushbu treningda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining yetakchi olimlari, jumladan, Doktor Rafikjon Xakimov “Oʻzbekistonda nav chiqarish va urugʻ sertifikatlashtirish tizimlari”, doktor Mirzaosim Mirzasoliyev “Oʻzbekistonda sabzavot urugʻchiligi boʻyicha umumiy sharh” hamda doktor Fahriddin Rasulov “Oʻzbekistonda oʻz-oʻzini changlatuvchi sabzavot ekinlari (pomidor-qalampir) holati va ishlab chiqarishi” mavzularidagi oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maslahatchisi, xalqaro bogʻdorchilik va iqlimga moslashtirilgan qishloq xoʻjaligi boʻyicha mutaxassisi, doktor Hamdino Ahmad asosiy taqdimotchi sifatida sabzavot ekinlari urugʻchiligi boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, iqlim oʻzgarishi sharoitida yetishtirish amaliyotlari va sabzavot ekinlarini koʻpaytirish hamda sifat standartlarini saqlash boʻyicha keng qamrovli nazariy va amaliy darslar oʻtkazdi.
Interfaol sessiyalar davomida fermerlar va issiqxona egalari koʻchatlar yashovchanligini oshirish, oʻgʻitlarni qoʻllash va foydali bioinokulyantlardan foydalanish boʻyicha zamonaviy usullar bilan tanishtirilib, munozaralar davomida issiqxonada sogʻlom oʻsimlik oʻsishi uchun harorat va namlik nazoratini taʼminlashning ahamiyati ham tahlil qilindi.
Trening yakunida seminar ishtirokchilari tadbir davomida koʻrib chiqilgan barcha masalalar va ularning mavjud yechimlarini issiqxonalarda keng joriy qilishga kelishib oldilar. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti trenerlar tayyorlash treningi fermerlar, tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash va bilim berish tashabbuslari orqali Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Xalqaro va mahalliy bilimlar oʻzaro uygʻunlashtirilishi natijasida ushbu dastur mamlakatda barqaror va mahsuldor sabzavot urugʻchiligi uchun poydevorni mustahkamlashi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring