“Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yoʻl quriladi

16:22 25 Sentyabr 2024 Siyosat
369 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Inson kapitalini rivojlantirish mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishining mustahkam poydevori hisoblanadi.

Bu borada soʻnggi sakkiz yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Yangi maktablar qurilib, qoʻshimcha 800 mingta oʻquvchi oʻrni yaratildi. Oliy oʻquv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.

Oʻzbekiston kelgusi 3-4-yilda maktabgacha taʼlim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming oʻrinli bogʻchalar barpo etiladi.

Shuningdek, kelgusi yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilgʻor standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirish reja qilingan. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritiladi.

Prezident taʼlimdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishi sifatida belgilab olishni taklif qildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.

Shu maʼnoda, Prezident bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida oʻtkazilayotgani olqishladi.

Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.

Oʻzbekistonda 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha katta dastur qabul qilingan.

Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yoʻnalishlarida pullik avtomobil yoʻllari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yoʻl qurish loyihalari amalga oshiriladi.

Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga oʻtadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish boʻyicha oʻtkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar oʻz qiziqishini bildirdi.

Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlar hamda qolgan viloyatlar markazlariga yoʻldosh “Yangi Oʻzbekiston” shaharchalarini qurish boʻyicha katta loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz oʻrta shaharlarni rivojlantirish boʻyicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash boʻyicha 130 million dollarlik loyihalar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganganini alohida eʼtirof etdi. Bank va boshqa hamkorlar bilan bunday infratuzilmaviy loyihalar yanada kengaytirilishiga ishonch bildirdi.

“Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sigʻimlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.

Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” maʼlumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha boʻladi, deb hisoblayman.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishi boʻlishiga ishonaman.

Qoʻshni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmogʻini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida taʼkidlamoqchiman”, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qildi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa oʻtkir tus olmoqda.

“Oʻzbekiston bu borada oʻz strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash boʻyicha katta loyihalarni boshlagan.

Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.

Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. Oʻylaymanki, qoʻshnilarimiz ham bu tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaydi”, dedi Prezident.

Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.

Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv taʼminoti va barqaror rivojlanish yoʻnalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda

“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan Oʻzbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi.

Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qoʻshimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Taʼkidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng koʻlamli islohotlarni qoʻllab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Lisyunga, Bankka aʼzo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga oʻzining alohida hurmat va ehtiromni izhor etdi.

“Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi masʼuliyatli vazifalar turibdi.

Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka aʼzo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita taʼsir qiladi.

Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar oʻzingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-gʻayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?