Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasi boʻylab press-tur tashkil etildi

15:44 11 Noyabr 2023 Sport
1632 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Toshkent shahri 2025-yil IV yoshlar Osiyo va V Para Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Qitʼa miqyosidagi bunday nufuzli kompleks musobaqa mamlakatimizda birinchi bor tashkil etiladi. Unga katta hajmga tayyorgarlik koʻrish, yangi va zamonaviy sport obyektlarini qurishga ehtiyoj tugʻiladi. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda yangi Olimpiya shaharchasi qad rostlamoqda.

2022-yilning 9-noyabr kuni davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasining qurilishiga tamal toshi qoʻydi. Ayni paytda shaharcha maydonida qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, uni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi – Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan takomilga yetkazilmoqda.

Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq (asosiy stadion, velodrom, suv sporti saroyi, jamoaviy va yakkakurash turlari uchun 1 tadan arena) va 13 ta ochiq (chim ustida xokkey, sohil voleyboli, 3x3 basketbol, futzal uchun 2 tadan arena, shuningdek, yengil atletika mashgʻulotlari uchun maydon) inshootlar barpo etilmoqda. Qayd etish joiz, mazkur loyiha Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini nafaqat Osiyo, balki butun dunyoga koʻrsatib beradi.

Hozirda binolardagi asosiy beton ishlari yakunlangan va tom qismining metall-konstruksiya ishlari olib borilmoqda. Jarayonda 1000 nafarga yaqin quruvchi ishlamoqda. Ularning aksariyati xitoylik mutaxassislar. Qurilish 2025-yilning boshida yakunlanishi kutilmoqda.

Press-tur so'nggida G'azalkent tumanida o'tkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida yoshlar, sportchilar ham o'z hissasini qo'shishayotgani ko'rish uchun OAV tashrif buyurdi.

 

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?