“Toyloq saxovati”: eʼtirof va ragʻbat

17:03 15 Oktyabr 2025 Jamiyat
399 0

“Toyloq saxovati” meva-sabzavotchilik festivalidan koʻzlangan maqsad Toyloq tumanida yetishtirilgan mahsulotlarni keng jamoatchilikka tanishtirish, dehqon va fermerlarning mehnatini eʼtirof etish, tajriba almashish, qishloq xoʻjaligida innovatsion yechimlarni targʻib qilishga qaratildi.

Zarafshon daryosi va Dargʻom kanali oraligʻida joylashgan bu hududda suv taʼminoti qulay, tuproq unumdorligi yuqori boʻlgani sababli dala va bogʻlardan moʻl hosil olinadi. Joriy yilda 44,2 ming tonna sabzavot, 70 ming tonna kartoshka, 17,6 ming tonna meva va 52 ming tonna uzum yetishtirilgani ham shundan dalolat beradi.

Bugungi kunda 2 618 gektar tokzor va 881 gektar bogʻ maydonlaridan olingan hosilning muayyan qismi qayta ishlanib, 10 ming tonnaga yaqini eksportga yuborilmoqda.

— Tumanimiz azaldan meva-sabzavotchilikda moʻl-koʻl hosil manbai boʻlib kelgan, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibi Toʻxta Xudoynazarov.Bugungi kunda yer maydoni bir paytlardagidek koʻp boʻlmasa-da, hosildorlik koʻrsatkichi ortib bormoqda. Bu qishloq xoʻjaligida ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanilayotgani samarasi deb bilaman. Birgina misol, “Ixtiyor-Mahmadmurod-Elipok dalasi” fermer xoʻjaligi dehqonlari gektarida 60 tonnadan ortiq kartoshka olyapti. “Bahron X” fermer xoʻjaligi dalalarida esa har gektaridan 100 sentnerdan gʻalla yetishtirildi. Olinayotgan hosilning aksariyat qismi oʻzimizda qayta ishlanayotgani ham katta yutuq hisoblanadi.

“Toyloq saxovati” festivalida Samarqand, Urgut, Bulungʻur va Jomboy tumanlarida yetishtirgan meva-sabzavot mahsulotlari koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. Ishtirokchi tumanlar oʻziga ajratilgan pavilyonlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini namoyish etishdi.

Shuningdek, qayta ishlash korxonalari, logistika tizimlari, eksportchi tashkilotlar, oʻsimliklarni himoya qilish va saqlash korxonalari oʻz mahsulot va xizmatlarini taqdim qildi.

Festival doirasida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada tomchilatib sugʻorish, issiqxona xoʻjaliklari, biotexnologiyalar, moʻl hosil olish uchun yangi navlar yaratish va raqamli monitoring tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

“Toyloq saxovati” meva-sabzavotchilik festivali va ilmiy-amaliy konferensiya nafaqat hudud agrar salohiyatini namoyish etish, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun tajriba almashish, sohadagi yangi gʻoyalar, innovatsiyalar, ilm-fan yutuqlari va hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qildi.

Festival doirasida konsert dasturlari, hunarmandlar yarmarkasi, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi koʻrgazmalar va bolalar uchun koʻngilochar dasturlar ham tashkil etilib, sohada faollik koʻrsatgan dehqon va fermerlarning mehnati munosib taqdirlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?