TIV: Oʻzbekiston Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi

18:48 09 Oktyabr 2025 Siyosat
269 0

Oʻzbekiston Respublikasi AQSh Prezidenti Donald Trampning bevosita koʻmagida Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni ozod etish boʻyicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi, deya bayonot berdi Tashqi ishlar vazirligi.

Vazirlik bayonotida Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyatini va ularning rolini yuqori baholangan. Mazkur saʼy-harakatlar zoʻravonlikni tez fursatda toʻxtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratayotgani ham alohida qayd etilgan.

«Oʻzbekiston doimo xalqaro huquq meʼyorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻt ochishni toʻxtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar oʻrtasida xavfsizlikni taʼminlash, barqaror hamjihatlikni oʻrnatish va oʻzaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam boʻlishiga ishonchimiz komil», deyiladi TIV bayonotida.

Rasmiy Toshkent, shuningdek, Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengillikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarga konstruktiv hissa qoʻshishga tayyorligini bildirgan.

Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi

“Al Jazeera” nashrining maʼlum qilishicha, Isroil va HAMAS muzokaralarining birinchi qismi yakunlandi va ular asirlarni almashish, oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib olgan.

Isroilning AQSHdagi elchisi Yechiel Leiter HAMAS yigʻilishdan soʻng 72 soat ichida asirlarni ozod qilishini aytgan. Elchining aytishicha, Isroil xavfsizlik mahkamasi bugun falastinlik mahbuslar roʻyxatini tuzadi.

Jarayon shunday davom etsa, isroillik asirlar ham yakshanba yoki dushanba kuni ozod etilishi mumkin. Elchi Yechiel Leiter CNNga bergan intervyusida aytadiki, oʻt ochishning toʻxtashi urushning butunlay tugashiga umid uygʻotsada HAMAS tomonidan shartlarning qanchalik bajarilishiga bogʻliq boʻlib qolaveradi.

Isroil armiyasi Gʻazo boʻyicha kelishuvni amalga oshirish uchun operativ tayyorgarlikni boshlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер