TDIU talabalari Rossiyada oʻtkazilgan xalqaro olimpiadada faxrli oʻrinlarni egalladi

Joriy yilning 29-sentyabridan 3-oktyabrigacha Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilgan V xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasi oʻz yakuniga yetdi. Ushbu nufuzli ilmiy musobaqaning final bosqichida 40 ta davlatdan 600 nafardan ortiq iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari mazkur xalqaro olimpiadada mamlakat sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarga erishdi. Xususan, universitetning Moliya fakulteti talabasi Madina Usmonova hamda Iqtisodiyot fakulteti talabasi Yulduz Mahmudova faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, kumush medal sohibasi boʻldi.
Eʼtiborlisi, ushbu olimpiada birinchi darajali xalqaro ilmiy tanlovlar qatoriga kiradi. Gʻolib va sovrindor talabalar “Moliyaviy xavfsizlik” yoʻnalishi boʻyicha xorijiy nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tanlovsiz grant asosida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa TDIU talabalari uchun xalqaro taʼlim maydonida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Taʼkidlash joizki, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida shakllangan yuqori ilmiy muhit, professor-oʻqituvchilarning ilmiy rahbarligi, “Ustoz-shogird” maktabi va talabalarning amaliyotga qaratilgan nazariy bilim olishlari bugun oʻz natijasini koʻrsatmoqda.
Xususan, universitetda barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha xalqaro reytinglardagi TOP-300 talikka kiruvchi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining oʻquv rejalari, fan dasturlari va kompetensiyalarga asoslangan malaka talablari chuqur oʻrganilgan holda milliy tizimga integratsiya qilingan. Universitetning 6 ta taʼlim yoʻnalishi nufuzli xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan sifat nazorati va baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan.
Universitetda taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlash maqsadida, soha ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan. Talabalar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha olgan nazariy bilimlarini amaliyot muhitida –tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sugʻurta kompaniyalari va byudjet tashkilotlarida mustahkamlamoqda.
TDIUda talabalar iqtidorini yuzaga chiqarish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasi oʻlaroq, birgina joriy oʻquv yilining oʻzida universitet talabalaridan 2 nafari Prezident davlat stipendiyasi, 1 nafari Islom Karimov nomidagi stipendiya, 16 nafari Navoiy nomidagi stipendiya, 3 nafari Prezident granti sohibi boʻldi. 300 ga yaqin iqtidorli talabalar xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, 80 nafari sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi, respublika fan olimpiadalarida esa 25 nafar talaba yuqori natijalarga erishdi.
TDIU talabalari “Al-Xorazmiy” xalqaro olimpiadasida faxrli uchinchi oʻrinni, Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi V Xalqaro moliyaviy xavfsizlik olimpiadasida ikkita kumush medal, Bolgariya va Turkmanistondagi xalqaro matematika tanlovlarida universitet jamoasi yakka va jamoaviy tarzda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring