Tashabbus mahalladan chiqdi: ichki yoʻllar ravon boʻldi

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. El-ulusni birlashtirib, ahillik va mehr-oqibat qoʻrgʻoniga aylangan mahalla koʻp ishlarga qodir. Xayrli tashabbuslarning aksariyati shu goʻshada tugʻilib, ildiz otadi. Buni, masalan, Toʻraqoʻrgʻon tumanining uch mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Toshloq mahallasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar misolida ham koʻrish mumkin.
Tarixi asrlarga borib taqaladigan maskanda avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan anʼanalar orasida, ayniqsa, umumxalq hashari mustahkam saqlanib qolgan. Deylik, toshloqliklar yangi uy qurish chogʻida devorlarni suvoqdan chiqarish, tomga loʻmboz bosishga usta chaqirishni or bilishadi. Boisi bunday koʻlamli ishlarga qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar yordamga kelishadi. Ana shu tajriba mahallaning anchadan buyon taʼmir koʻrmagan ichki yoʻllariga asfalt yotqizishda ham qoʻl keldi.
— Oʻtgan yili maqsadli dastur asosida hududdagi ichimlik suvi tarmogʻi butunlay yangilandi, — deydi mehnat faxriysi Gʻulomjon Xudoyberganov. — Davlat tomonidan ajratilgan katta mablagʻ evaziga besh yuzga yaqin xonadonning kafolatlangan obihayot bilan taʼminlanishi koʻpchilikda shukronalik hissini kuchaytirdi. Suvimiz hal boʻldi, endi anchadan buyon taʼmir koʻrmagan ichki yoʻllarimizni sozlashga oʻzimiz harakat qilib koʻrmaymizmi, degan fikr aylandi davralarda. Katta yoshdagilar tomonidan oʻrtaga tashlangan taklifni yoshlar qoʻllab-quvvatlashdi, tashabbus hashar yoʻli bilan ijrosini topadigan boʻldi.
Yoʻllarni tayyorlash va asfalt yotqizish bilan bogʻliq ishlar uchun homiylik asosidagi mablagʻni shakllantirishga mahalla tadbirkorlari birinchilardan boʻlib qoʻl choʻzishdi. Chorvachilik bilan shugʻullanib kelayotgan Abdumajid Qoraboyev, Haydarali Mirzaqulov, aka-uka Turdimamat va Neʼmatilla Nuridlinovlarning har biri 50-60 million soʻmdan tashlashdi, oʻziga toʻq koʻplab xonadonlar ular safiga qoʻshildi. Xoʻjalik mollari doʻkonida ish yuritayotgan Muhibillo Poʻlatov yoʻl chetlarini tekislash va ariqlarni betonlashga oʻz hisobidan 24 tonna sement ajratdi. Pudratchi tashkilot – “Fargʻona obod yoʻllari” xususiy korxonasining texnika va yoʻlsozlariga mahalla yoshlari yordamga chiqishdi. Koʻpdan quyon qochib qutulmas, deganlari haq gap, ish bir haftada poyoniga yetdi.
— Katta yumush bilan mahalladoshlarimizning ahil-inoqligi yana bir karra sinovdan oʻtdi, — deydi jamoatchilik loyihasi tashabbuskorlaridan biri Qosimjon Yusupov. — Qisqa vaqt ichida hududimizdagi 3,2 kilometr ichki yoʻllarga toʻla asfalt yotqizdik. Keksalar duoda, ikkita maktabimizga ravon yoʻldan oʻqishga qatnayotgan farzandlarimizning quvonganini aytmaysizmi?! Darvoqe, bizning harakatlarimizdan ilhom olib qoʻshni Saroy mahallasida ham yoʻllarni hashar orqali asfaltlashni boshlashdi.
Baʼzan oʻzaro suhbatlarda odamlar oʻrtasida oqibat birmuncha susaygani haqidagi gaplarni eshitamiz. Bunda jon borligini inkor etib boʻlmaydi. Lekin hayotga oʻzgacha mazmun bagʻishlovchi insoniy fazilatlar maʼnaviy boyligimiz boʻlib qoladi. Zero, ularni mahkam tutish bilan turmushimizga fayz kiradi, xayrli maqsadlar ijobatini topadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring