Tarixning himoyachisi bormi?

14:33 01 Dekabr 2025 Jamiyat
378 0

Gʻuzor tumanining Chugʻurtma qishlogʻi Qarshi shahridan janubi-sharqda, viloyat markazidan taxminan 40 chaqirim uzoqlikda joylashgan. Bu qishloq oʻrnida bir paytlar gullab-yashnagan shaharcha boʻlgan. Qishloqdan topilgan turli haykalchalar, toshga chizilgan suratlar va boshqa arxeologik topilmalar hatto zardushtiylar davrida ham bu yer aholi gavjum manzil boʻlgani, hunarmandchilik, madaniy hayot rivoj topganini koʻrsatadi.

– Ota-bobolarimiz qishloqdagi katta arxeologik qiymatga ega hududni saqlab qolishga doim harakat qilib kelgan, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri, iqtisod fanlari nomzodi Halil bobo Soatov. – Biroq oʻtgan asr oʻrtalarida olib borilgan yoppasiga kolxozlashtirish, yangi yerlarni oʻzlashtirish tufayli bu yerlarning bir qismi ekin maydoniga aylanib, yana bir qismida uy-joylar qurilgan. Hozir qishloq ahlining oʻzi kurashib, qadimiy qoʻrgʻonlar oʻrninigina saqlab turibdi. Bu joydagi yerlarni ikki metr qazisangiz, oʻta qadimiy tosh haykalchalar, ish qurollari, zardushtiylik diniga, qadimiy turk qavmlari hayotiga oid turli buyumlar chiqadi. Biz ularning qiymatini, yurtimiz tarixini oʻrganishda juda muhim manba ekanligini bilamiz. Shuning uchun ham barcha topilmalarni yigʻib, xonadonlarda saqlab turibmiz. Ularni ilmiy oʻrganish, tadqiq etishda koʻmak soʻrab turli idoralarga, masʼul tashkilotlarga murojaat qilyapmiz, lekin natija yoʻq.

Suhbatdoshimiz bizni hududdagi “Xojabosh ota” ziyoratgohiga boshladi. Manbalarga koʻra, ziyoratgoh tarixi islom dinining kirib kelish davrlari bilan bogʻliq. Bu yerda oʻz davrining katta obroʻ-eʼtiborga ega xojalaridan biri mangu qoʻnim topgan. Keyinchalik qabr atrofida maqbara qurilgan. Buning juda katta tarixi bor. Ammo shu kunga qadar ushbu maqbara madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olinmagan.

Ziyoratgoh darvozasidan kirarkanmiz, bu yerdagi ulkan tut daraxti eʼtiborimizni tortdi.

– Bolaligimizda bu yerda ulkan tut daraxtlari koʻp edi, – deydi ziyoratgoh xodimi Bahrom Kamolov. – Soʻnggi yarim asr davomida ularning bir nechtasi qurib ketdi. Hozir oʻnga yaqin ulkan daraxtlar bor. Ularning eng kattasining tana aylanasi oʻn metrdan ortiq. Bu yil qilgan murojaatimizga asosan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (ayni paytda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi) mutaxassislari kelib, uni koʻrishdi. Ularning aytishicha, bu daraxtning yoshi kamida oʻn ikki asrga teng. Qolganlari ham kichik emas. Bizning nazdimizda ular tarixiylik jihatdan juda katta qiymatga ega. Lekin yildan yilga suvsizlikdan qurigan qismi koʻpayib boryapti. Hozir qishloq ahli oʻzimiz pul yigʻib, shu daraxtlarni sugʻorish uchun “artezian quduq” qazdirish harakatidamiz, lekin baribir ularni toʻliq oʻrganish, belgilangan talablar asosida parvarishlash uchun mutaxassislar zarur. Davlat himoyasiga olinishi kerak. Shuni soʻrab juda koʻp masʼul tashkilotlarga murojaat qildik. Mutaxassislar keladi, koʻradi, lekin natija boʻlmayapti.

Ziyoratgoh ortidagi tepalik yonbagʻrida qishloq qabristoni joylashgan. Aholi Qoʻrgʻontepa deya ataydigan bu tepalik qadimiy Huzor (Gʻuzor) yurtining madaniy markazi boʻlgani manbalarda qayd etilgan. Odamlar qabr qazish jarayonida aynan shu yerdan juda koʻp tarixiy buyumlar, tosh va sopoldan yasalgan ish qurollari, haykalchalar topishgan. Hozir bu ashyolarning aksari ziyoratgoh hududidagi xoʻjalik xonalaridan birida saqlanmoqda. Shuningdek, qishloqdagi xonadonlarda saqlanayotgan arxeologik topilmalar ham koʻp.

Ushbu topilmalarni tomosha qilarkanmiz, ularning har biri turli davrlarda yaratilgani, turli madaniy qatlamlarga tegishli ekanligini angladik. Eʼtiborimizni tortgan mitti tosh haykalchalarning birida ayol kishining boshi tasvirlangan. Ayolning yuz tuzilishi, boshidagi libosning oʻziyoq bu tasvir islomdan ancha avvalgi davrlarga tegishli ekanini anglatadi. Yoki kichik tovoqchaga oʻxshash sopol idishchani olaylik. Unda doimo olov yonib turganini ichki qismi juda dagʻal va qorayib ketganidan bilish mumkin. Aftidan u otashparastlik dini taraqqiy etgan davrlarga oid. Kichik omborxonada saqlanayotgan bunday ashyolarning son-sanogʻi yoʻq. Ular bemalol bitta muzeyni toʻldirishi mumkin. Afsuski, bu tarixiy qimmatliklar hozir hech kimni qiziqtirmayapti. Qishloq ahli ularning yoʻqolib ketishidan xavotirda.

– Bu yerdan biroz narida kichik jarlik bor, – deydi Bahrom Kamolov. – Oʻtgan yili yomgʻirda shu yerdan sel kelib, tuprogʻining bir qismini yuvib ketdi. Natijada koʻplab qadimiy sopol xumlar yer sathiga chiqib qoldi. Ularning hammasining ichida odam suyaklari bor. Tarix darsliklarida zardushtiylar tabiatga zarar yetkazmaslik uchun vafot etgan yaqinlarining tanasini tepalik ustiga qoʻyishgani, uning etini qushlar, qurt-qumursqalar yeb bitirganidan soʻng suyaklarini yigʻib olib, sopol xumlarga solib koʻmishgani haqida oʻqiganmiz. Demak, bu sopol xumlar ularga tegishli.

Shundan soʻng qishloq faollari bizni ham shu manzil tomon boshlashdi. Hamon tuproq orasidan chiqib turgan, ichida suyaklar boʻlgan bir nechta sopol idishlarni koʻrib, qishloq odamlarining “Shunday tarix tuproqqa qorishib ketaveradimi?!” deya kuyunib aytgan gaplari bejiz emasligini yana bir bora angladik.

Название

– Toʻgʻrisi, gavjum qishloq oʻrtasida shuncha joyning boʻm-boʻsh turishi bekorga emas, — deydi Halil bobo Soatov. – Bu yerga allaqachon ekin ekilib, uy-joylar qurib yuborilishi mumkin edi. Ammo shu ishni qilishmayapti. Chunki bu tuproq qaʼrida yotgan tarixning qiymatini odamlarimiz biladi. Bu yerdagi tarixiy obyektlarning davlat muhofazasiga olinishi, ilmiy oʻrganilishi, hududdan topilgan buyumlar uchun muzey tashkil etish, turizm majmuasini barpo etish uchun juda koʻp harakat qildik. Turli tashkilotlarga murojaat etdik. Murojaatlarimiz boʻyicha oʻsha tashkilotlardan vakillar keladi, koʻradi, haqiqatan ham juda katta tarixga ega joy ekanini aytishadi, vaʼda qoʻsha-qoʻsha, vaziyat esa oʻsha-oʻsha... Umid qilamizki, qishloq ahlini qiynayotgan bu muammo masʼullarni ham befarq qoldirmaydi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?